O‘zbekistonda avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari (AGTKSH) faoliyatiga vaqtinchalik cheklovlar uzaytirildi, deya xabar berdi Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Bugun, 5-mart kuni “metan zapravkalar” soat 16:00 ga qadar faoliyat yuritadi. Farg‘ona vodiysida “zapravka"larning ish vaqti hokimliklar bilan kelishilgan holda, gaz bosimidan kelib chiqib amalga oshiriladi.

Energetika vazirligining tushuntirishicha, buning asosiy sababi — gaz bosimi pasaygan vaqtlarda birinchi navbatda aholi, jamoat transportlari hamda ijtimoiy soha obyektlarini tabiiy gaz (yoqilg‘i) bilan uzluksiz ta’minlash.

Ya’ni, jamoat transportining barqaror ishlashi, ijtimoiy ahamiyatga ega obyektlar hamda aholi ehtiyojlarini qondirish ustuvor vazifa hisoblanadi.

Shu bois, gaz ta’minotidagi umumiy holat, bosim darajasi va iste’mol hajmidan kelib chiqqan holda ularning ish rejimi mahalliy hokimliklar bilan kelishiladi.

“Bu zaruriy choralar vaqtincha bo‘lib, gaz bosimini me’yorga keltirish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilayotganini ma’lum qilamiz”, — deyiladi xabarda.

Bir kun avval Energetika vazirligi havo harorati pasayishi sababli metan “zapravkalar” faoliyatiga vaqtincha cheklov kiritilishi haqida xabar bergandi. Vaqtinchalik cheklovlar 4-mart soat 19:00 dan 5-mart soat 10:00 gacha joriy etilgandi.