24-fevral kuni aholini uy-joy bilan ta’minlash ishlarini tezlashtirish va ko‘p kvartirali uylar qurilishini samarali tashkil etish bo‘yicha prezident farmoni (PF-29-son) qabul qilindi.
Hujjat bilan uy-joy qurilishini rag‘batlantirish va uy-joyga bo‘lgan huquqni amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratishga doir konstitutsiyaviy norma talablarini bajarish, ko‘p kvartirali uylar bozorida talabga muvofiq takliflarni mutanosib ravishda oshirib borish belgilandi.
Shu bilan birga, ko‘p qavatli uylar qurilishida yer ajratish va ruxsat berish tartibini o‘z ichiga oluvchi investitsiya-qurilish davomiyligini 1,5 baravargacha qisqartiriladi. Renovatsiya hisobiga quriladigan xonadonlar ulushi 15% dan 2040-yilgacha bosqichma-bosqich 60% ga yetkaziladi.
Qoraqalpog‘iston va viloyatlarda “Yangi O‘zbekiston” massivlari uchun yangi hududlarni tanlab olishning qonuniy talablariga mos keladigan loyihalarga massiv maqomi berilib, ularga amaldagi tartib va moliyalashtirish manbalari tatbiq etiladi. Yo‘l-transport infratuzilmalari loyihalarini ishlab chiqishda muqobil va energiya tejovchi qurilmalardan foydalanilib, “yashil” transport muhiti yaratiladi.
Bundan tashqari, ipoteka dasturi doirasida ko‘p kvartirali uydan xonadon xarid qilishda subsidiya ajratiladigan fuqarolarning ijtimoiy muvofiqligi Iqtisodiyot va moliya vazirligining subsidiya.idm.uz tizimi orqali avtomatlashtirilgan holda inson omilisiz baholanadi.
Joriy yil 1-apreldan boshlab budjet hisobidan beriladigan ipoteka kreditlari rasmiy daromadga ega hamda ijtimoiy soliqni ixtiyoriy to‘liq to‘lagan o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarga ajratiladi. Bu bosqichma-bosqich joriy etilib, 2026-yilda oxirgi bir yil, 2027-yilda oxirgi ikki hamda 2028-yildan boshlab oxirgi uch yil hisobga olinadi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirishning eng ko‘p miqdorlari 15% ga oshiriladi. Bu Qoraqalpog‘iston va viloyatlar uchun 380 mln, Toshkent shahri uchun esa 480 mln so‘mni tashkil etadi. Shu bilan birga, Yangi Toshkentdagi uylar uchun ham kreditlar poytaxt uchun belgilangan shartlarda beriladi.
Shuningdek, ipoteka krediti asosida sotib olingan uyga fuqarolarni uy egasi arizasi va garovga oluvchi — bank roziligi asosida yashash joyi va turgan joy bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazishga ruxsat beriladi.
Avvalroq yosh oilalarga ipoteka krediti stavkasining bir qismi qoplab berilishi haqida xabar berilgandi. Volontyorlikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil qilinadi. Oyiga 10 ming donadan ortiq kitob sotgan tadbirkorlarga 1 mlrd so‘mgacha ssuda beriladi.