Tashqi ishlar vazirligi Yaqin Sharq mamlakatlaridan o‘zbekistonliklarni vatanga qaytarish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

1-martdan 5-mart soat 10:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonga jami 9361 nafar fuqaro evakuatsiya qilindi.

Saudiya Arabistonidan muntazam hamda qo‘shimcha charter reyslar orqali 8 114 nafar o‘zbekistonlik mamlakatga qaytarildi.

BAAdan hozirgi kungacha 1192 nafar fuqaro O‘zbekistonga olib kelindi. Erondan 23 nafar, Bahrayndan esa 25 nafar, O‘mondan 7 nafar o‘zbekistonlik xavfsiz olib kelindi.

Ayni paytda evakuatsiya asosan fuqarolik aviatsiyasi uchun havo hududi ochiq bo‘lib turgan mamlakatlardan amalga oshirilmoqda.

Mintaqaning boshqa davlatlarida havo hududi ochilishi bilan mazkur tadbirlar tezkor ravishda tashkil etiladi va davom ettiriladi.

“Fuqarolarimizni xotirjamlikni saqlashga, vahimaga berilmaslikka va vazmin harakatlanishga chaqiramiz”, — deyiladi TIV xabarida.

Transport vazirligi Yaqin Sharq davlatlaridan 5000 dan ortiq o‘zbekistonlik mamlakatga qaytarilgani haqida xabar bergandi.

4-mart holatiga, mamlakat rezident aviakompaniyalari tomonidan Madina va Jidda aeroportlaridan 21 ta parvozlar bajarilib 4 948 ta hamda Dubay shahridan 235 ta yo‘lovchilar O‘zbekistonga olib kelinishi ta’minlandi.


Avvalroq o‘ta boylar Yaqin Sharqni tark etish uchun xususiy samolyotlarga $350 minggacha to‘layotgani haqida xabar berilgandi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, evakuatsiya qilinayotganlar orasida global moliyaviy kompaniyalar top-menejerlari hamda mintaqada dam olayotgan yoki xizmat safarida bo‘lgan badavlat shaxslar bor.