O‘zbekistonda minimal iste’mol xarajatlari qiymati oshirildi. Bu haqda Statistika agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

2026-yil uchun hisoblangan minimal iste’mol xarajatlari qiymati bir oyda kishi boshiga 715 ming so‘mni tashkil etdi.

Minimal iste’mol xarajatlari qiymatini hisoblash tartibiga asosan, kelgusi yil uchun minimal iste’mol xarajatlari oziq-ovqat, nooziq-ovqat, mahsulotlari va xizmatlar narxlari darajasidan kelib chiqib, indeksatsiya qilib boriladi.

Bu chegara O‘zbekistonda 2021-yil — 440 ming so‘m, 2022-yil — 498 ming so‘m; 2023-yil — 569 ming so‘m, 2024-yil — yil boshida 621 ming so‘m, aprel oyida 648 ming so‘m, 2025-yilda esa 669 ming so‘m bo‘lgan.

Jahon tajribasida minimal iste’mol xarajatlari ko‘rsatkichidan kambag‘allik chegarasi sifatida foydalanish keng tarqalgan bo‘lib, mazkur ko‘rsatkichdan:

  • davlatning moddiy va boshqa ijtimoiy ko‘maklariga muhtoj aholining maqsadli (target) guruhini aniqlash;
  • kambag‘allikka qarshi kurashish strategiyasi va dasturlarida belgilangan vazifa va chora-tadbirlarning natijadorligi hamda manzilliligini oshirish, shuningdek, ularning doimiy monitoringini yuritish;
  • pensiyalar va nafaqalarning eng kam miqdorini belgilash, shuningdek, kambag‘al oilalarga beriladigan boshqa turdagi moddiy ko‘maklarni ko‘rsatishda mezon sifatida foydalaniladi.

Avvalroq O‘zbekistonda boy va kambag‘al aholi daromadlari o‘rtasidagi tafovut qisqargani haqida xabar berilgandi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlillariga ko‘ra, ijtimoiy siyosat natijasida O‘zbekistonda daromadlar tengsizligi kamaymoqda.

2025-yilda aholining eng boy va eng kam daromadga ega guruhlari o‘rtasidagi tafovut 6,3 baravardan 5,7 baravargacha qisqardi.

Bu kam ta’minlangan aholining daromadlari 26% ga oshgani bilan izohlanadi, boy qatlam daromadlari esa 13% ga ko‘paygan.