Avvalroq prezidentning aholini uy-joy bilan ta‘minlash ishlarini tezlashtirish va ko‘p kvartirali uylar qurilishini samarali tashkil etish bo‘yicha farmoni qabul qilingani haqida xabar berilgandi.

Hujjat (PF-29-son) bilan, O‘zbekistonda maqsadli ipoteka omonatlari mexanizmini joriy etish rejalashtirilmoqda.

2026-yil 1-iyuldan 31-dekabrgacha ushbu amaliyot tajriba-sinov tariqasida joriy etiladi.

Hujjatga ko‘ra, ipoteka krediti bo‘yicha subsidiya ajratish to‘g‘risida ijobiy xabarnoma olgan fuqarolar bankda ixtiyoriy ravishda ipoteka omonatini ochishi mumkin. Ushbu omonat miqdori ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki badalning fuqaroga tegishli qismidan kam bo‘lmasligi va mablag‘lar unda 12 oydan ortiq bo‘lmagan muddatda saqlanishi kerak.

Ipoteka omonatini shakllantirgan fuqarolarga dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun davlat budjetidan ajratiladigan subsidiyalar tijorat banklari buyurtmasiga asosan omonatga oldindan o‘tkazib beriladi.

Ipoteka omonatidagi mablag‘lar qoldig‘iga bank tomonidan bozor stavkasida foiz hisoblanadi. Jamg‘arilgan mablag‘lar va foizlar keyinchalik ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki badalni shakllantirishga yo‘naltiriladi.

Agar omonat muddati davomida fuqaro ipoteka krediti orqali uy-joy sotib olmasa, bank omonatda jamg‘arilgan mablag‘larga foiz hisoblaydi. Shundan so‘ng ushbu mablag‘lar foizlari bilan birga tegishli tarzda fuqaro va davlat budjetiga qaytariladi.

Ipoteka krediti ajratilgandan so‘ng davlat foiz to‘lovlarining bir qismini qoplab beradi. Bunda dastlabki 5 yil davomida Markaziy bankning asosiy stavkasidan yuqori bo‘lgan qismi uchun subsidiya to‘lanadi.

Avvalroq yosh oilalarga ipoteka krediti stavkasining bir qismi qoplab berilishi haqida xabar berilgandi.