Avvalroq prezident Sirdaryo viloyatida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi va kelgusi ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazgani haqida xabar berilgandi.

Ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi. Yo‘naltirilgan $100 mln hisobiga viloyatda 47 ta maktab, 45 ta bog‘cha, 35 ta tibbiyot muassasasi hamda 18 ta sport va madaniyat obyektini to‘liq taʼmirlash topshirildi.

O‘tgan yilda Guliston shahridagi 22 ming xonadonni uzluksiz ichimlik suvi bilan taʼminlash masalasi hal etildi. Mirzaobod, Sardoba, Boyovut, Xovos tumanlari va Yangiyer shahridagi 12 ming xonadon ham doimiy ichimlik suvi bilan taʼminlanmoqda.

Muhandislik infratuzilmasini rivojlantirish doirasida joriy yilda 349 kilometr elektr tarmoqlari qurish, 99 ta transformator o‘rnatish, shuningdek, suv tarmoqlarini kengaytirish hisobiga aholini ichimlik suvi bilan taʼminlash darajasini 89,5%ga yetkazish rejalashtirilgan.

2026-yilda 3,5 ming xonadondan iborat 80 ta ko‘p qavatli uy qurish, jumladan, 1,5 ming xonadonni Yangi O‘zbekiston massivlarida barpo etish hamda renovatsiya dasturi asosida yangi uy-joylar qurish rejalashtirilgan.

Qishloq xo‘jaligidagi imkoniyatlardan samarali foydalanish zarurligi alohida taʼkidlandi. Sirdaryoda ekin maydonlari jon boshiga boshqa qator hududlarga nisbatan ancha ko‘p bo‘lib, suv taʼminoti ham yaxshi. Biroq meva-sabzavot eksporti hozircha $60 mlndan oshmayotgani qayd etildi.

Bu borada Sirdaryo agro invest kompaniyasini tashkil etib, Xovos tumanida suv tejovchi va yuqori agrotexnologiyalar asosida daromadli ekin maydonlarini shakllantirish hamda ularni “tayyor biznes” shaklida aholiga taklif qilish rejalashtirilgan. Dastlab 12 ming gektar yer maydonida ushbu mexanizmni joriy etish ko‘zda tutilgan.

Joriy yilda 20,8 ming gektar yer maydonida suv taʼminotini yaxshilash va 748 mln kub metr suvni tejash vazifasi qo‘yildi.

Yig‘ilishda Vengriya tajribasi asosida Xovos tumanidagi qator mahallalarda “aqlli qishloq” pilot loyihasini amalga oshirish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Unda mahallalarga ajratilayotgan mablag‘lar shaffofligi, xavfsizlik, ekologik holat, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash va tadbirkorlik imkoniyatlari haqidagi maʼlumotlar ochiq raqamli tizim orqali aholiga yetkazib boriladi.

Yig‘ilish yakunida mutasaddilarga qator aniq topshiriqlar berildi. Jumladan, Guliston shahridagi “Sirdaryo” erkin iqtisodiy zonasida kamida 5 ming ish o‘rinli investitsiya loyihalarini joylashtirish, quyosh panellari ishlab chiqarish bo‘yicha $100 mlnlik loyihani ishga tushirish, “Feruz” podstansiyasi transformatorlarini modernizatsiya qilish vazifalari belgilandi.

Shuningdek, Boyovut tumanida “Sultonhovuz” suv ombori qurilishi bo‘yicha texnik-iqtisodiy asos ishlab chiqish, viloyat yo‘llarini taʼmirlash uchun xalqaro moliya institutlari mablag‘larini jalb qilish, Mirzaobod tumanida anorni saqlash va qayta ishlash agromajmuasini tashkil etish hamda zamonaviy ko‘chatchilik markazlarini ochish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Prezident xalqaro standartlar asosida malakani baholash markazlarini tashkil etish va kamida 2 ming yoshni kasb-hunarga tayyorlash zarurligini taʼkidladi.

Davlat rahbari viloyatda amalga oshirilayotgan har bir loyiha aholi daromadi va turmush darajasida o‘zining amaliy aksini topishi lozimligini qayd etib, belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli ijrosini taʼminlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Avvalroq Sirdaryoda sho‘rlangan 200 ming gektar yerlarni sog‘lomlashtirish bo‘yicha pilot loyiha boshlanishi haqida xabar berilgandi.