Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyatida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi va kelgusi ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

2025-yili Sirdaryo viloyati iqtisodiyoti 9,8%ga o‘sgani qayd etildi. Sanoat ishlab chiqarishida 8,2%lik o‘sish taʼminlanib, bu ko‘rsatkich bo‘yicha viloyat hududlar orasida to‘rtinchi o‘rinni egalladi. Aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulot hajmi ham izchil o‘sib bormoqda. 2017-yilda 10 mln so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib, 38,1 mln so‘mga yetdi, yaʼni qariyb 3,8 barobarga oshdi.

O‘tgan yili viloyatda 42 ta yirik investitsiya loyihasi amalga oshirilib, ularning umumiy qiymati $333 mlndan oshdi. Ushbu loyihalar doirasida 17,5 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Yig‘ilishda Sirdaryoni Xitoy tajribasi asosida ilg‘or innovatsion hududga aylantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga alohida to‘xtalindi. Xitoy provinsiyalari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.

Shuningdek, Koreya Respublikasi, Yaponiya va Malayziyaga amalga oshirilgan xizmat safarlari doirasida qator investorlar bilan muzokaralar o‘tkazildi, yuzlab mln dollarlik loyihalar shakllantirildi. Jumladan, Guliston tumanida $300 mlnlik chorvachilik majmuasi va bolalar uchun oziq-ovqat ishlab chiqarish loyihasi bo‘yicha kelishuvga erishildi. Yangiyer shahrida Fransiyaning Bonduelle kompaniyasi bilan hamkorlikda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasini ishga tushirish rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, raqamli iqtisodiyot, kosmetika sanoati, agrosanoat va qayta ishlash sohalarida ham yangi investitsiya tashabbuslari ishlab chiqilmoqda. Xususan, Shirin shahrida data-markaz, Guliston shahrida inkubatsiya va akseleratsiya markazlarini tashkil etish bo‘yicha loyihalar shakllantirilgan.

Yig‘ilishda joriy yilda viloyatga $3 mlrd investitsiya jalb qilish va eksport hajmini $500 mlnga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Buning hisobiga yalpi hududiy mahsulotni 9% ga, sanoatni 8,2% ga, xizmatlar sohasini 15,4% ga, qishloq xo‘jaligini 6,8% ga va qurilish hajmini 15% ga oshirish rejalashtirilgan.

Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. O‘tgan yili kambag‘allik darajasi 11,3% dan 6,2% ga tushirildi. Biroq bu ko‘rsatkich hali ham respublika o‘rtacha darajasidan yuqori ekani qayd etildi.

Joriy yilda tadbirkorlik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun 10 trln so‘m resurs ajratilmoqda. Mazkur mablag‘lar asosida 185 ming aholini ish bilan taʼminlash, ishsizlik darajasini 4,6%gacha, kambag‘allikni esa 3%gacha qisqartirish rejalashtirilgan. Guliston, Shirin, Yangiyer shaharlari, Sardoba, Sayxunobod, Sirdaryo va Xovos tumanlarini ishsizlik hamda kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish choralari ko‘riladi.

Bu borada Mehnatsevar ayol, Teng imkon — inklyuziv bandlik, Bir mahalla — bir mahsulot kabi dasturlar doirasida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, mahallalarda yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholining daromad manbalarini ko‘paytirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Avvalroq Xorazmdagi avtozavod mashinasozlik klasteriga aylantirilishi haqida xabar berilgandi.