Xorijiy davlatlarning oynalari qoraytirilgan yengil avtomobillarining O‘zbekistonga vaqtincha kirishi va tranzit harakati uchun majburiy yig‘im undirish tartibi o‘zgartirildi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi xabar berdi.

Ichki ishlar vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Davlat xavfsizlik xizmatining tegishli qo‘shma qarori 4-mart kuni Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazildi.

O‘zgartirishlarga ko‘ra, oynalari qoraytirilgan xorijiy avtotransport vositalari uchun majburiy yig‘imlarni undirish tartibi tubdan soddalashtirildi.

Endilikda majburiy yig‘im xorijiy avtotransport vositasining faqatgina old yon oynalari tusini o‘zgartirganlik (qoraytirganlik) uchun undiriladi. Amalda bo‘lgan “old, yon va orqa oynalar” uchun majburiy yig‘imlar talabi bekor qilindi.

To‘lovlarni “E-tranzit” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali shakllantiriladigan QR-kod yordamida elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshirish imkoniyati yaratildi.

Yo‘l-patrul xizmati xodimlari tomonidan to‘lovni tekshirish jarayonida kvitansiya nusxasi bilan bir qatorda tizimdagi yagona hisobvaraq ma’lumotlari ham rasmiy hujjat sifatida tan olinаdi.

Oynalarining tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) xorijiy yengil avtotransport vositalarining O‘zbekiston hududiga vaqtincha kirishi va tranzit harakatlanishi uchun davlat budjetiga undiriladigan yig‘im miqdori hozirda $15 ni tashkil qiladi.

2025-yilda O‘zbekistonda “tonirovka” qoidalarini buzganlik uchun jarimani kamaytirish taklif qilinayotgani haqida xabar berilgandi.


Avvalroq Spot O‘zbekistonda kichik hajmli avtomobillarni olib kirish uchun bojlar oshgani haqida yozgandi.

2026-yildan kichik litrajli avtomobillar uchun 15% lik boj stavkasi hamda har kub santimetr uchun $0,4 qo‘shimcha to‘lov joriy etildi.