Migratsiya agentligi O‘zbekiston fuqarolarini Bolgariyaga ishga jalb qilish bo‘yicha pilot loyihani ishga tushirishga kelishib oldi, deya xabar berdi agentlik matbuot xizmati.
Agentlik rahbari Behzod Musayev Bolgariya avtotransport palatasi rahbari Petko Angelovni qabul qildi. Uchrashuvda o‘zbekistonliklarni tashkiliy tarzda ishga yollash imkoniyatlari, ularni tayyorlash hamda xususiy bandlik agentliklari bilan hamkorlik mexanizmlari muhokama qilindi.
Bolgariya tomoni transport-logistika sohasida kadrlarga ehtiyoj mavjudligini qayd etdi. Xususan, Yevropa Ittifoqi qoidalariga muvofiq tayyorgarlikdan o‘tgan haydovchilarga talab yuqori.
Mehmonlarning ma’lum qilishicha, mexaniklar va texnik mutaxassislar diagnostika uskunalaridan foydalanish bo‘yicha qisqa o‘quv kursini tamomlagach, vazifalari hamda malakasiga qarab oyiga 2500 yevrogacha maosh olishlari mumkin.
Uchrashuv yakunida tomonlar amaliy hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risidagi kelishuvni imzoladi. Uning doirasida tashkiliy yollash bo‘yicha tajriba loyihasini, shuningdek, xodimlarni moslashtirish uchun maxsus o‘quv kurslarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
2025-yil may oyida Musayev Bolgariyada parlamentning mehnat va ijtimoiy siyosat qo‘mitasi rahbari Deniza Sacheva bilan muzokaralar o‘tkazdi. Tomonlar kadrlar tayyorlash vazifalari, migrantlarni huquqiy himoya qilish, shuningdek, migratsiya sohasidagi boshqa masalalarni muhokama qildilar.
Uchrashuvda mehnat migratsiyasi sohasida hukumatlararo bitim loyihasi ishlab chiqilayotgani ma’lum qilindi. Unda rasmiy bandlik agentliklari orqali ishga qabul qilingan xodimlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, huquqiy va ijtimoiy kafolatlar nazarda tutiladi.
O‘sha yilning iyun oyida Bolgariya prezidenti Rumen Radev Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashdi. Yetakchilar mamlakatlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish, Sofiyada Migratsiya agentligi ofisini ochish kabi qator masalalarni muhokama qildilar.
Avvalroq xorijdagi ish o‘rinlari xususiy bandlik agentliklari o‘rtasida ochiq tanlov orqali taqsimlanishi haqida xabar berilgandi.
Migratsiya agentligi ish o‘rinlari haqidagi maʼlumotlarni elektron platformada joylashtiradi.