Toshkent ko‘chalarida qoidabuzarliklar bilan o‘rnatilgan elektr quvvatlantirish stansiyalarini o‘chirish boshlandi. Bu haqda shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Shu bilan birga, poytaxt ma’muriyati zaryadlash infratuzilmasi to‘xtatilgani haqidagi mish-mishlarni rad etdi. Xabarda aytilishicha, hozirda elektr ta’minoti shoxobchalari ishini tartibga solish, ulanish holati va tarmoqqa yuklamani baholash maqsadida inventarizatsiya ishlari olib borilmoqda.
Hokimlik ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkent shahrida quvvati 20 kVt dan ortiq bo‘lgan 1300 ga yaqin tezkor zaryadlash qurilmalari o‘rnatilgan. 3-martdan buyon hokimlik tomonidan tuzilgan 12 ta ishchi guruh 300 dan ortiq elektr quvvatlantirish stansiyalarini xatlovdan o‘tkazdi.
Xatlov davomida ayrim qoidabuzarliklar aniqlanib, 101 ta shoxobcha zarur hujjatlari yo‘qligi sababli vaqtincha tarmoqdan uzildi, shuningdek, 62 ta shoxobchaning elektr ta’minoti korxonalari bilan shartnomasi mavjud emasligi ma’lum bo‘ldi.
Hokimlikning tushuntirishicha, quvvati 20 kVtdan yuqori bo‘lgan tezkor quvvatlantirish — bu elektr tarmoqlari uchun jiddiy yuklamadir: bitta avtomobil qisqa vaqt ichida o‘nlab kilovatt energiya iste’mol qilishi mumkin.
Agar ulanish hisob-kitoblarsiz va texnik shartlarsiz amalga oshirilsa, turar joy binolarining elektr ta’minotida haddan tashqari yuklama va uzilishlar xavfi ortadi.
“Biz esa bir shahar ahlimiz va biz uchun uylar, maktablar va shifoxonalarda elektr energiyasining barqaror bo‘lishi hayotiy muhim ahamiyatga ega”, deyiladi hokimlik xabarida.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar elektromobillik rivojini cheklashga emas, balki energiya tizimining xavfsiz va barqaror ishlashini ta’minlashga qaratilgan.
Hafta boshida poytaxt hokimligi elektromobillar uchun tezkor quvvatlash stansiyalaridan foydalanishda “ko‘plab” qoidabuzarliklar haqida xabar bergandi. Qoidabuzarlar orasida “bozorning yirik ishtirokchilari ham, alohida xo‘jalik yurituvchi subyektlar ham” bor redi.
Mavjud yuklama, limitlar va yaqin atrofdagi xonadonlarda iste’molning prognoz o‘sishini inobatga olmay, quvvatlash stansiyalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri transformatorlarga ulash holatlari qayd etildi.
Ma’muriyat hujjatsiz ishlayotgan elektr yoqilg‘i quyish shoxobchalari egalariga “tezroq” o‘z faoliyatini qonuniylashtirishni tavsiya qildi.
Avvalroq elektr “zapravka"lar yonida benzinli avtomobillarni to‘xtatganlik uchun jarima solish taklif qilingani haqida xabar berilgandi.