EastFruit iqlim o‘zgarishlariga eng sezgir bo‘lgan va global bozorga eng katta ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan ekinlar reytingini tayyorladi.

Iqlim o‘zgarishi endi meva-sabzavot sektori uchun uzoq muddatli mavhum xavf bo‘lib qolmay, balki global meva va sabzavot bozorlarini shakllantirayotgan asosiy omillardan biriga aylanmoqda.

Haddan tashqari issiq, qurg‘oqchilik, beqaror yog‘ingarchilik va g‘ayritabiiy sovuqlar ishlab chiqarish hajmi, narxlar va savdo oqimlarining tebranishiga olib kelmoqda, shuningdek ishlab chiqaruvchi mamlakatlar o‘rtasidagi raqobatni kuchaytirmoqda, deya xabar beradi EastFruit.

Tarmoq tahlilchilarining baholashicha, iqlimdagi o‘zgaruvchanlik hozirdanoq hosildorlikka, ishlab chiqarish geografiyasiga va ishlab chiqaruvchilarning investitsiya qarorlariga ta’sir ko‘rsatmoqda. Yaqin 10−20 yil ichida iqlimga moslashuvchanlik meva-sabzavot biznesida raqobatbardoshlikning asosiy omiliga aylanadi.

Pomidor — jazirama tahdidi ostidagi jahon bozori

Pomidor iqlimga eng sezgir ekinlardan biri bo‘lib qolmoqda. Harorat 35 °C dan oshganda meva tugish keskin pasayadi, bu esa hosilning bevosita yo‘qotilishiga olib keladi.

Qayta ishlash uchun pomidor yetkazib beruvchi asosiy mintaqa bo‘lgan O‘rta yer dengizi mamlakatlari allaqachon qurg‘oqchilik xavfi va suv cheklovlarining kuchayishiga duch kelmoqda.

Bu esa ishlab chiqarishni Yevropaning shimoliy hududlariga ko‘chirishni va issiqxona texnologiyalariga sarmoya kiritishni rag‘batlantirmoqda.

Kartoshka — xavfi ortib borayotgan strategik mahsulot

Kartoshka dunyo oziq-ovqat xavfsizligining asosiy ekinlaridan biridir, ammo u suv resurslari va tuproq haroratiga juda bog‘liq.

Yevropadagi qurg‘oqchilik yillari allaqachon ishlab chiqarishning millionlab tonnaga qisqarishiga olib keldi va Lotin Amerikasi mamlakatlarida fermerlar plantatsiyalarni tog‘li hududlarga ko‘chirmoqdalar.

Uzoq muddatli istiqbolda bu ishlab chiqarish tannarxining o‘sishi, narxlar o‘zgaruvchanligining oshishi, chidamli navlarga qiziqishning ortishini anglatadi.

eastfruit, ekinlar, issiq, sovuq, meva, sabzavot, sitrus mevalar, kartoshka

Golubika va rezavorlar — yuqori marjinallik, yuqori zaiflik

Rezavor mevalar sektori dunyodagi eng tez o‘sish sur’atlaridan birini, shu bilan birga yuqori iqlim sezgirligini namoyish etmoqda.

Golubikaning eng yirik eksportchisi bo‘lgan Perudagi anomal issiqlik allaqachon hosilning keskin pasayishiga va jahon narxlarining ko‘tarilishiga olib kelgan.

Rezavorlar yuqori sifatli mahsulot bo‘lganligi sababli, har qanday iqlim buzilishi chakana savdo bozorlarida darhol aks etadi.

Sitrus mevalar — allaqachon boshlangan inqiroz

Sitrus mevalari sohasi iqlim o‘zgarishlari va o‘simlik kasalliklari kabi bir qancha muammolarga duch kelmoqda.

Floridada apelsin yetishtirishning qisqarishi va dunyoda apelsin sharbati zaxiralarining kamayib borayotgani muammoning tizimli ekanligini ko‘rsatadi.

Mutaxassislarning fikricha, yaqin yillarda yangi yetishtiruvchi hududlarning o‘rni kuchayishi hisobiga sitrus mevalari jahon bozorida tarkibiy o‘zgarishlar yuz berishi mumkin.

eastfruit, ekinlar, issiq, sovuq, meva, sabzavot, sitrus mevalar, kartoshka

Shaftoli va danakli mevalar — bahorgi ayozlar garovi

Danakli mevalar ob-havo sharoitlariga o‘ta ta’sirchanligi sababli an’anaviy ravishda eng tavakkalli ekinlardan biri sanaladi.

Yevropada kuzatiladigan kechki bahorgi ayozlar muntazam ravishda ayrim hududlarda hosilning 50−70% gacha yo‘qotilishiga olib keladi, bu esa narxlar beqarorligini kuchaytirib, himoya texnologiyalariga sarmoya kiritishni deyarli majburiy qilib qo‘yadi.

Qalampir va ochiq daladagi sabzavotlar — suv tanqisligi keskinlashmoqda

Sabzavot ekinlari, ayniqsa, ochiq dalada yetishtiriladiganlari suvning mavjudligiga bevosita bog‘liqdir.

Shimoliy Amerika va Meksikadagi qurg‘oqchilik qalampir yetkazib berishda uzilishlarga va qayta ishlangan mahsulotlar narxining oshishiga olib kelgan.

Iqlim o‘zgarishi sharoitida aynan suv resurslari sabzavot yetishtirishni cheklovchi asosiy omilga aylanmoqda.

eastfruit, ekinlar, issiq, sovuq, meva, sabzavot, sitrus mevalar, kartoshka

Bargli sabzavotlar va salat barglari — urug‘larning yashirin muammosi

Sabzavot ekinlari urug‘larini yetishtirish bilan bog‘liq yana bir xavf unchalik ko‘zga tashlanmasa-da, ammo o‘ta muhimdir.

Favqulodda ob-havo sharoitlari hozirdanoq salat va boshqa ekinlar urug‘larini yetishtirishda uzilishlarga sabab bo‘lmoqda, bu esa bozorlarda zanjirsimon reaksiyani yuzaga keltirishi mumkin. Soha uchun bu urug‘chilik hududlarini diversifikatsiya qilish zaruratini anglatadi.

Olimlarni alohida tashvishga solayotgan masala — CO₂ miqdorining ortishi mahsulot sifatiga qanday ta’sir qilishidir. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, atmosferada karbonat angidrid miqdori yuqori bo‘lganda, o‘simliklar tarkibida temir, rux va oqsil kamroq bo‘lishi mumkin.

Shunday qilib, iqlim nafaqat ishlab chiqarish hajmiga, balki mahsulotning oziqaviy qiymatiga ham ta’sir qiladi.


Avvalroq EastFruit suv tanqisligi 2030-yilga borib Markaziy Osiyoda qishloq xo‘jaligiga tahdid solishi haqida yozgandi.

Sug‘orish tizimlaridagi yo‘qotishlar suv isrofiga, balki tuproqning sho‘rlanishiga ham olib keladi, bu esa o‘z navbatida qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligining pasayishiga sabab bo‘ladi.