Markaziy Osiyo daryolarining barqaror to‘yinishi va qishloq xo‘jaligi uchun suv ta’minoti yaqin yillarda iqlim o‘zgarishi tufayli xavf ostida qolishi mumkinligi haqida EastFruit xabar bermoqda.

Bu haqda Jahon bankining Markaziy Osiyo suv-energetika dasturi (CAWEP) rahbari Dmitriy Petrin Olmaotada bo‘lib o‘tgan iqlim o‘zgarishi bo‘yicha media-treningning ekspert sessiyasida ma’lum qildi.

Markaziy Osiyo daryolarining o‘rtacha yillik suv oqimi 110 kub kilometrni tashkil etadi. Yaqin yigirma-o‘ttiz yil ichida oqim muzliklarning faol erishi tufayli barqaror bo‘ladi.

Biroq, keyinchalik, muzliklar yo‘qolishi bilan, oqim asosan yog‘ingarchilik (yomg‘ir va qor) bilan belgilanadi. Bu esa vaziyatni barqarorlik va bashorat qilish imkoniyatidan mahrum qiladi, chunki yog‘ingarchilik davri doimiy ravishda o‘zgarib turadi va uni oldindan aytish qiyin.

“Hozirda suv tanqisligi yo‘q. Hisob-kitoblarga ko‘ra, agar hech qanday chora ko‘rilmasa, 2030-yilga kelib tanqislik yuzaga keladi,” — dedi Dmitriy Petrin.

Qanday xavflar paydo bo‘ladi?

Avvalo, qishloq xo‘jaligi xavf ostida qoladi. ElDala.kz saytining eslatishicha, Markaziy Osiyo qishloq xo‘jaligi 80% sug‘orishga bog‘liq (asosiy qishloq xo‘jaligi yerlari lalmi bo‘lgan Qozog‘istonni hisobga olmaganda).

Qishloq xo‘jaligi hozirda Markaziy Osiyo mamlakatlariga yalpi ichki mahsulotning 30%ini va aholi bandligining 40%ini ta’minlamoqda.

Suv iste’molining hozirgi darajasidan tejash imkoniyati ham mavjud. Chunki bugungi kunda sug‘orish tizimlaridagi yo‘qotishlar 40%dan 60%gacha yetmoqda.

Bu nafaqat suv isrofiga, balki tuproqning sho‘rlanishiga ham olib keladi, bu esa o‘z navbatida qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligining pasayishiga sabab bo‘ladi.