6-mart kuni metan “zapravka"lar faqat ijtimoiy soha va jamoat transporti uchun ishlaydi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Magistral gaz quvurlarida bosimni rostlash hamda bir me’yorga keltirish ishlari davom ettirilmoqda.

Gaz bosimi pastligi, birinchi navbatda aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obyektlarini tabiiy gaz bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida bugun metan “zapravka"lar ijtimoiy sohaga xizmat ko‘rsatuvchi va jamoat transport vositalari uchun faoliyat yuritadi.

Energetika vazirligi mazkur choralar aholi va ijtimoiy soha obyektlarini barqaror gaz ta’minoti bilan ta’minlashga qaratilganini qayd etdi.

4-mart kuni vazirlik havo harorati pasayishi sababli metan “zapravkalar” shu kuni soat 19:00 dan 5-mart soat 10:00 gacha yopilishini ma’lum qilgandi. Kuni kecha esa, AGTKShlar faoliyati soat 16:00 gacha uzaytirildi.

Shu bilan birga, Farg‘ona vodiysida “zapravka"larning ish vaqti hokimliklar bilan kelishilgan holda, gaz bosimidan kelib chiqib amalga oshirilishi bildirilgandi.

Avvalroq Amerikaning Gulf kompaniyasi ikki yil ichida O‘zbekistonda 100 ta “zapravka” ochib, aviatsiyaga $150 mln investitsiya kiritishi haqida xabar berilgandi.