Avvalroq Shavkat Mirziyoyev 5-mart kuni transport infratuzilmasini modernizatsiya qilishga qaratilgan yirik loyihalar doirasida olib borilayotgan ishlar yuzasidan taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Jamshid Tursunov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida 2026-yilda davlat-xususiy sheriklik asosida to‘rtta pulli avtomobil yo‘llari qurilishi belgilanganini qayd etdi. Bu o‘z ichiga Toshkent-Samarqand, Toshkent-Andijon, Toshkent-Chorvoq hamda Urganch-Xiva yo‘nalishidagi yo‘llarni oladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Toshkentdan Samarqand va Andijongacha bo‘lgan ikkita pulli trassa qurilishi loyihasi bo‘yicha tender jarayonlari yakunlanib, pudratchilar bilan amaliy ishlarni boshlash ko‘zda tutilgan. U davlat rahbariga bu boradagi keyingi qadamlar yuzasidan hisobot berilganini ta’kidladi.
“Toshkent-Chorvoq pulli avtomobil yo‘lini qurish loyihasining texnik-iqtisodiy asoslari (TIA) tasdiqlangan, taqdimotda uni pudratchi tashkilot bilan joriy yilda boshlash masalasi ko‘rib chiqildi”, — dedi Jamshid Tursunov.

Shuningdek, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi yaqinda qurilishi boshlangan Urganch va Xiva shaharlarini bog‘lovchi O‘zbekistondagi birinchi pulli avtomobil yo‘li joriy yilda foydalanishga topshirilishini ma’lum qildi. “Qolgan uchta pulli avtomobil yo‘llarining qurilish ishlari boshlanadi”, — deya qo‘shimcha qildi u.
2025-yilning noyabr oyida transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev Toshkent-Chorvoq pulli yo‘li loyihasining texnik-iqtisodiy asoslari 2026-yil o‘rtalarigacha ishlab chiqilishi va yil oxirida qurilishi boshlanishini ma’lum qilgandi. Trassa uzunligi 56 kmni, yillik trafik 250 ming mashinani tashkil etadi.
Bundan tashqari, joriy yilgi davlat dasturida Toshkent-Samarqand pulli yo‘l qurilishini boshlash uchun 15-martgacha xorijiy hamkorni aniqlash, sentabrgacha shartnoma imzolash hamda 1-dekabrgacha qurilish ishlarini boshlash rejalashtirilgan.
Toshkent-Andijon trassasi qurilishi bo‘yicha tenderning ikkinchi bosqichi esa 1-iyuldan boshlab o‘tkazilishi kerak. Bu yo‘l bo‘yicha tenderga uchta kompaniya ruxsat olgandi. G‘olib 2026-yilning birinchi yarmida aniqlanishi, loyiha 4 yilda amalga oshirilishi ma’lum qilingandi.
Avvalroq Toshkentda barcha avtobus bekatlaridagi do‘konlar olib tashlanishi haqida xabar berilgandi. O‘rganishlarda avtobus bekatlaridagi 110 ta savdo do‘konining 61 tasida egalik huquqini beruvchi hujjatlari yo‘qligi aniqlandi.