5-mart kuni Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ulushli qurilishda eskrou tizimini yo‘lga qo‘yish kechikayotganiga izoh berildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.
Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyevning ta’kidlashicha, eskrou-hisobvaraqlarni joriy etish joriy yilning 1-yanvaridan boshlanishi rejalashtirilgan bo‘lsa-da, qonunchilikdagi ayrim bo‘shliqlar sabab bu jarayon kechikdi.
“To‘g‘ri, eskrou tizimi joriy etilmadi, [shunga qaramay] ayrim xususiy banklar „biz hozirdan ishga tushaveraylik“ deyapti, lekin uning tartib-tamoyillarini amalga oshirish uchun qonun kerak. Ya’ni eskrouning asosiy ma’nosi nima? Agar tadbirkor uy-joy quraman, desa, quraversin, hech kimning e’tirozi yo‘q. Lekin qurilish uchun odamlardan pul olaman desa, buni qonun bilan tartibga solishimiz kerak. Hozir mana shu jarayon bo‘yicha qonun, tartib yo‘q. Uni kelishib olishimiz kerak”, — dedi u.
Urbanizatsiya qo‘mitasi raisi tizim borasida bir qator ochiq savollar mavjudligini qayd etdi: ulushdorlar kiritgan mablag‘ning qancha foizini olishi, quruvchi uyni vaqtida topshirmasa yoki bankrot bo‘lsa, javobgarlik masalasi, aholi bankka qo‘ygan mablag‘lari uchun foiz hisoblanishi hamda quruvchi necha foizdan kredit olishi kabi masalalar.
Kudbiyev bu “mutlaqo yangi” jarayon bo‘lgani uchun, aniq javoblari yo‘q bo‘lgan savollar ko‘pligini bildirdi. Jumladan, yangi tizim bilan har bir uy-joy qurilishi uchun alohida yuridik shaxs tashkil etilishi, ular mablag‘ kiritgan taqdirda ulushdor sifatida ishtirok etishi mumkinligi nazarda tutilmoqda.
“Ertaga uni xomligicha qabul qilib qo‘ysak, bizni tanqid qilib tashlashadi. Shuning uchun uni yaxshilab pishirib olib chiqishimiz kerak. Bizda [hujjatni] 1-iyulda qabul qilinishini ta’minlash bo‘yicha topshiriq bor. Xudo xohlasa, shunga harakat qilyapmiz”, — dedi Kudbiyev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tegishli qonun loyihasi deyarli tayyor holga keltirilib, hozirda Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan hamda Adliya vazirligi bilan birgalikda ishlar olib borilmoqda. Hujjatni mart-aprel oylarida Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritish rejalashtirilgan.
Qurilish vaziri Sherzod Hidoyatovning qo‘shimcha qilishicha, eskrou tizimi hozirda ixtiyoriy ravishda qo‘llanilmoqda hamda qonun bilan u majburiy bo‘ladi. Ayrim xususiy banklar va quruvchi kompaniyalar tizimdan foydalanish istagini bildirgan.
“Hozirgi kunda ulush kiritish orqali [ishlayotgan] har xil developerlar bor. Bir xillari qanday ish olib borayotganini bilmaymiz. Bir xillari piramida shaklida ishlayotgandir, balki. Uni hech kim bilmaydi. Eskrou shuni tartibga soladi, shuning uchun ham u majburiy bo‘ladi”, — dedi vazir.
Sherzod Hidoyatov Spot jurnalistining hozirda tizim qaysi hududlarda ishlayotgani borasidagi aniqlashtiruvchi savoliga bu talab asosida bo‘lishini bildirdi. Tizim majburiy bo‘lgach, barcha hududlarda joriy etiladi.
Fevral oyida mutaxassislar O‘zbekistonda eskrou tizimi 2026-yil 1-iyuldan ishga tushirilishi mumkinligini bildirgandi. Ularning fikricha, eskrou-hisoblarni joriy etishga birinchi navbatda mahalliy banklar tayyor emas. Me’yoriy baza ishlab chiqilayotgani sababli tizim ishga tushirilishi joriy yil o‘rtalarigacha kechiktirildi.
Avvalroq Toshkentda barcha avtobus bekatlaridagi do‘konlar olib tashlanishi haqida xabar berilgandi. O‘rganishlarda avtobus bekatlaridagi 110 ta savdo do‘konining 61 tasida egalik huquqini beruvchi hujjatlari yo‘qligi aniqlandi.