Toshkent shahrining bosh rejasiga muntazam ravishda o‘zgartirishlar kiritib boriladi. Bu haqda 5-mart kuni jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov ma’lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bundan o‘n to‘rt oy avval tasdiqlangan poytaxt bosh rejasida aholi soni, yo‘l infratuzilmasi hamda kommunikatsiya tizimlarining mavjud holatidan kelib chiqib, hududiy zichlik ko‘rsatkichlari belgilangan.
Vazirning qayd etishicha, xalqaro amaliyotda bosh reja tasdiqlangach, master-reja ishlab chiqiladi, undan keyin hududda zichlikni saqlab qolgan holda kommunikatsiya talablari asosida bosh rejaga muntazam ravishda o‘zgartirishlar kiritish tajribasi qo‘llaniladi.
“Biz ham xuddi shu yo‘ldan borib, bosh rejaga o‘zgartirish kiritishni boshladik. Bunda katta-katta hududlar tanlab olinib, shu yerning zichligini saqlab qolgan holda ko‘p qavatli binolar [qurilishiga] ruxsat berildi, lekin hududning boshqa joylarini yashil hududlarga aylantirish, kommunikatsiya tizimlarini yanada rivojlantirish bo‘yicha master-rejalar ishlab chiqildi”, — dedi Sherzod Hidoyatov.
Shuningdek, u Toshkent shahrining imiji, arxitura-qiyofasi hamda ko‘rinishini, aholi yashash sharoitini yaxshilash, xorijiy sayyohlar oqimini oshirish imkonini beruvchi master-rejalar ishlab chiqilishini bildirdi.
Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyevning ta’kidlashicha, bosh plan bilan 30 qavatgacha bo‘lgan binolar hududning umumiy maydonga nisbati (UMN) hamda qurilish maydoniga nisbati (QMN) koeffitsiyentlari asosida quriladi. Bunda hududning barcha maydonini yuqori qavatli binolar egallamaydi.
“Bosh rejani o‘zgartirish — bu tirik materiya. Unga o‘zgartirish kiritiladi yoki kiritilmaydi, degan gap yo‘q. Bundan keyin ham bosh rejaga o‘zgartirishlar kiritib boriladi. Dunyoning istalgan katta-katta shaharlarini olib qarang, bosh rejasiga doimiy o‘zgartirish kiritib boradi, ya’ni shahar, mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanadi, har xil texnologiyalar paydo bo‘ladi, shular asosida insonlarning ijtimoiy-iqtisodiy farovonligini yaxshiroq ta’minlash uchun bosh rejaga o‘zgartirishlar kiritiladi. Bu o‘lik bir dogma emas, o‘zgarishlar doimiy bo‘ladi”, — dedi u.
Kudbiyev binolar qavatliliga kiritilgan o‘zgartirishlar urbanistlar va qurilish sohasida ilmiy tadqiqotlar olib boruvchi mutaxassislar bilan maslahatlashilganini ta’kidladi.
28-fevral kuni qabul qilingan hukumat qarori bilan poytaxtning bosh rejasiga loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan bir qator o‘zgartirishlar kiritildi: 203 ta hudud bo‘yicha strategiya renovatsiyaga, 46 tasi bo‘yicha rekonstruksiyaga va 23 tasi bo‘yicha konservatsiyaga o‘zgartirildi. Shu bilan birga, binolar qavati uchun belgilangan cheklov ham ayrim hududlar uchun oshirilgan.
Toshkent bosh rejasi
2024-yil oxirida Toshkentning 2045-yilgacha bo‘lgan bosh rejasi tasdiqlanib, unda poytaxt hududi uchta — konservatsiya, rekonstruksiya va renovatsiya zonalariga ajratilgandi. Joriy yilning iyun oyida Toshkent hokimligi prezidentga binolarning ruxsat etilgan balandligi bo‘yicha talablarga zid bo‘lgan ayrim qurilish loyihalarini taqdim etgandi.
2025-yil iyul oyida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bo‘lim boshlig‘i Aziz Halilov Spot bilan suhbatda Toshkent bosh rejasiga binolarning qavatlari soniga oid o‘zgartirishlar kiritilishi mumkinligini ma’lum qildi.
“Hozirda bosh rejaga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Chunki unda ayrim hududlar uchun belgilangan [eskirgan me’yorlar] mavjud. Masalan, faqat besh qavatli bino qurilishi nazarda tutilgan joylarda 16 va undan baland bino-inshootlarni qurish imkoniyati bor”, — dedi u.
Qurilish vazirligi vakilining tushuntirishicha, bosh rejada binolarning ruxsat etilgan qavatlar soni muayyan hududning zilzilaga chidamliligini hisobga olgan holda belgilanadi. Loyihalarni amalga oshirishdan oldin ular ilmiy-tadqiqot institutlarida majburiy ekspertizadan o‘tkaziladi, qurilish uchun ruxsatnomalar esa tasdiqlangan bosh rejaga qat’iy muvofiq beriladi.
Spot muxbirining poytaxt bosh rejasiga kiritilishi mumkin bo‘lgan o‘zgartirishlar haqidagi aniqlashtiruvchi savoliga Halilov “bunday ehtimol bor” deb javob berdi. Ekspert xulosalari asosida yakuniy qaror qabul qilinadi.
17-iyul kuni qurilish sohasi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda Murad Buildings asoschisi Murod Nazarov bosh rejaga o‘zgartirishlar kiritilishini ma’lum qildi. “Xudo xohlasa, yaqinda [o‘zgartirishlar] e’lon qilinib qoladi”, — dedi tadbirkor.
Bunga javoban Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi Murod Nazarovning takliflari asosida Toshkent shahrining bosh rejasiga o‘zgartirishlar kiritishni rejalashtirmayotganini bildirdi. Qurilish vaziri o‘rinbosari Davron Odilovning ta’kidlashicha, “vazirlik kun tartibida poytaxt bosh rejasiga o‘zgartirishlar kiritilmagan”.
Avvalroq Toshkentda barcha avtobus bekatlaridagi do‘konlar olib tashlanishi haqida xabar berilgandi. O‘rganishlarda avtobus bekatlaridagi 110 ta savdo do‘konining 61 tasida egalik huquqini beruvchi hujjatlari yo‘qligi aniqlandi.