Vazirlar Mahkamasi 28-fevral kuni Toshkent shahrida yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish chora-tadbirlarini tasdiqladi. Qaror Lex.uz portalida eʼlon qilindi.
Hujjat kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari doirasidagi umumiy qiymati $16,2 mlrdlik 31 ta loyihani qamrab oladi. Qurilish ishlari hisobiga har yili $1,5 mlrdlik yalpi hududiy mahsulot yaratilishi va 3,5 trln so‘mlik soliq tushumlari taʼminlanishi kutilmoqda.
Ikki oy muddatda har bir loyiha bo‘yicha istiqbolli rivojlanishning texnik-iqtisodiy, muhandislik va boshqa ko‘rsatkichlari inobatga olingan holda bosh reja yaratiladi. Uni Hududiy arxitektura-shaharsozlik kengashi ko‘rib chiqqach, hokimlik tasdiqlaydi.
Loyihalardan undiriladigan infratuzilma yig‘imi qurilish zichligi, yashil hududlar maydoni, kommunikatsiyalar va ijtimoiy obyektlarga tushadigan yuklamaga qarab, 1,1 dan 3 gacha bo‘lgan oshiruvchi koeffitsiyent bilan hisoblanadi. Har bir loyiha uchun aniq koeffitsiyent Hududiy arxitektura-shaharsozlik kengashi tavsiyasiga asosan xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
Tanlangan hududdagi loyihalarning qurilishosti hududini kamaytirish hisobidan kamida 30%ida yashil maydonlar tashkil etiladi.
Tashkent Invest kompaniyasi infratuzilma yig‘imlari va boshqa manbalar hisobidan to‘qqizta tumanda umumiy maydoni 139,6 gektar bo‘lgan jamoat bog‘larini barpo etishi lozim bo‘ladi. Bosh rejaga muvofiq, ularning hududi muhofaza qilinadigan (konservatsiya) zona hisoblanadi.
Loyihalarni amalga oshirishda geologik, tabiiy-iqlim, seysmologik va boshqa xususiyatlarga moslashtirilgan xalqaro va xorijiy normativ-texnik hujjatlardan foydalanishga ruxsat etiladi.
Shu bilan birga, xorijiy normativlar va reglamentlar asosida yaratilgan loyiha hujjatlari milliy shaharsozlik normalari va qoidalariga moslashtirilishi shart. Shuningdek, ular uchun majburiy ekspertizadan o‘tish talab etiladi.
Toshkent shahar hokimligi loyihalarni tashqi kommunikatsiyalar va yo‘l infratuzilmasi bilan taʼminlashga qaratilgan loyihaoldi hujjatlarini rasmiylashtirishni jadallashtiradi. Bunda bino, inshoot va korxonalar loyihalarida tabiiy gazga muqobil manbalar hamda energiya tejovchi yechimlardan foydalanish nazarda tutilishi lozim.
Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida urbanizatsiya jarayonlarini rivojlantirish va yashil hududlarni kengaytirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishgandi. Taqdim etilgan 85 ta loyihadan 18 tasini amalga oshirishga, yana 12 tasiga esa tuzatishlar bilan ruxsat berish taklif qilindi. Qolgan 54 ta loyiha konseptual jihatdan to‘liq qayta ko‘rib chiqishni talab etadi, deb topildi.
Taqdimotda poytaxtdagi yashil hududlar maydonini 25 ming gektarga kengaytirish rejalari maʼlum qilindi. Yangi obyektlarning kamida 30%ida ko‘kalamzorlashtirilgan hududlar yaratilishini taʼminlash va 1 gektardan kichik yer uchastkalarida nuqtali qurilishdan voz kechish vazifasi qo‘yilmoqda.
Avvalroq O‘zbekistonda xavfli qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalar reyestri e‘lon qilingandi.