26-fevraldan 3-martgacha ijtimoiy tarmoqlarda yo‘l bezoriligi aks etgan 107 ta videolavha aniqlangan. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i Rustam Jo‘rayev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ma‘lum qilindi.
Unda internetda xavfli haydovchilik, noqonuniy ko‘cha poygalari, drift va “shashka” kabi harakatlar aks etgan videolar tarqatilayotgani ta‘kidlandi.
Shu munosabat bilan bunday holatlarning oldini olish maqsadida internet tarmog‘ida doimiy monitoring olib borilishi belgilandi. Qoidabuzarliklarni “piar” qilib tarqatayotgan shaxslarni aniqlash, ularga nisbatan qonuniy choralar ko‘rish hamda bunday akkauntlarni bloklash ko‘zda tutilgan.
O‘tkazilgan operativ-profilaktik reydlar davomida yo‘l bezoriligi aks etgan videolar asosida 66 nafar haydovchiga nisbatan bayonnoma rasmiylashtirildi, yana 62 ta avtomobil jarima maydoniga joylashtirildi.
Shuningdek, YPX va PPX xodimlari bilan hamkorlikda giyohvandlik va psixotrop moddalarni noqonuniy saqlash bilan bog‘liq 23 ta, hamda o‘tkir jismlarni olib yurish bilan bog‘liq 262 ta holat aniqlangan.



Olib borilgan tadbirlar davomida jami 5919 ta qo‘pol qoidabuzarlik qayd etildi.
Aniqlangan qoidabuzarliklar orasida bo‘ysunmaslik bilan bog‘liq 70 ta, ruxsatsiz tonirovka bilan bog‘liq 116 ta hamda noqonuniy sirena va mayoqchalar o‘rnatish bilan bog‘liq 61 ta holat qayd etilgan. Yana 4 ta ko‘cha poygasi va 34 ta davlat raqamisiz avtomobil boshqarish holati aniqlangan.
Huquqbuzarlar orasida 54 nafar voyaga yetmagan shaxs ham aniqlangan.
Shuningdek, ustaxonalarda o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida tyuning xizmatini ko‘rsatuvchi 68 nafar tashkilot rahbarlari va 79 nafar xodimlar so‘rovdan o‘tkazildi, 100 nafar avtoservis rahbarlari bilan profilaktik suhbatlar qilindi.
Fevral oyi oxirida Toshkentda yo‘l harakatini yaxshilash bo‘yicha “Dolzarb 90 kunlik” e’lon qilingandi.
Mart oyi boshida esa O‘zbekistonda yo‘l kameralari “prava"si yo‘q haydovchilarni avtomatik aniqlashni boshladi. Bunday kameralar shaxsning yuzini aniqlash funksiyasiga ega bo‘lib, qoidabuzarliklarga nisbatan onlayn ravishda chora ko‘riladi.
Avvalroq xorijiy avtomobillar tonirovkasi uchun majburiy yig‘im undirish tartibi soddalashtirilgani haqida xabar berilgandi.


