Transport vazirligi Yaqin Sharq mamlakatlaridagi fuqarolarni O‘zbekistonga qaytarishda turoperator va aviakompaniyalarni majburiyatlarga rioya qilishga chaqirdi.

Tashqi ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, 7-mart kuni soat 07:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonga jami 17 152 nafar fuqaro qaytarildi. Shundan 14 502 nafari Saudiya Arabistonidan, 2 356 nafari BAAdan, 42 nafari Erondan, 218 nafari Qatardan, 27 nafari Bahrayndan hamda 7 nafari O‘mondan olib kelingan.

Fuqarolarni O‘zbekistonga qaytarish ishlari tizimli va bosqichma-bosqich amalga oshirilib, asosan fuqarolik aviatsiyasi uchun havo hududi ochiq bo‘lib turgan mamlakatlar orqali amalga oshirilmoqda.

Transport vazirligi ayni vaqtda Yaqin Sharq mintaqasidagi keskinlashuv tufayli Bahrayn, Quvayt, Suriya, Iroq, Eron, Qatar, Isroil davlatlarining havo hududi parvozlar uchun yopiqligicha qolayotganini bildirdi. Bu mamlakatlardagi fuqarolarni olib chiqish vaqtida ularning qariyb 95%i tur paketlar asosida borgani kuzatilmoqda.

“Eng achinarlisi, turoperatorlar va agentlar tomonidan o‘z mijozlarini tashlab ketish va ular bilan aloqani uzish, fors-major holatida yo‘lovchilarni tezkor ma’lumotlar bilan ta’minlamay, ijtimoiy tarmoqlarda videoroliklar tarqatish orqali manipulyatsiya qilish, o‘z majburiyatlarini bajarish o‘rniga yo‘lovchilarni elchilar va konsullar bilan qoldirib ketish holatlari uchramoqda”, — deyiladi xabarda.

Barcha tur paketlar mehmonxonalar, aviaqatnovlar, transferlar va sug‘urta polislarini o‘z ichiga oladi. Sug‘urta polisi shartlariga muvofiq fors-major holatlarida sug‘urta polislari yo‘lovchilarning mehmonxona, transport va evakuatsiya bo‘yicha barcha xarajatlarini qoplashi belgilangan, buning uchun turoperator va agentlar barcha ishlarni tizimli to‘g‘ri tashkillashtirishi talab etiladi.

Transport vazirligi barcha turoperatorlar va agentlarni o‘z mijozlarini xavfsiz hududga olib chiqishda hukumat bilan birgalikda harakatlanish hamda quyidagilarga amal qilishga chaqirdi:

  • iste’molchilar huquqlarini so‘zsiz ta’minlash;
  • mijozlar bilan tuzilgan shartnoma shartlariga to‘liq rioya etish;
  • har bir fuqaro bilan muntazam aloqani ta’minlagan holda ularga tezkor yordam ko‘rsatish;
  • aviakompaniyalar bilan amaldagi shartnomalardan unumli foydalangan holda aviachiptalarni parvozlar mavjud shaharlardagi muntazam aviaqatnovlarga o‘zgartirish.

Bundan tashqari, barcha rezident va xorijiy aviakompaniyalardan xalqaro aviatashuvlar qoidalari hamda O‘zbekiston va xorijiy davlatlar o‘rtasida imzolangan aviatashuvlar to‘g‘risidagi xalqaro bitim shartlariga amal qilish so‘raldi.

Shu bilan birga, vazirlik aviakompaniyalarni o‘z majburiyatlarini bajarish, ishlarni tizimli tashkil qilish, sug‘urta polislaridan to‘g‘ri foydalanish, aviakompaniyalar va davlatlar imijiga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan xatti-harakatlardan tiyilishga chaqirdi.

Hozirda Quvayt, Qatar va Bahraynga yaqin bo‘lgan Saudiyaning Dammam va Riyoz aeroportlaridan barcha xalqaro yo‘nalishlarda muntazam aviaqatnovlar cheklovlarsiz amalga oshirilmoqda va aviachiptalar sotuvi amalda mavjud.

Turoperatorlar chiptalarni parvoz mavjud bo‘lgan yo‘nalishlarga qayta rasmiylashtirib, ishni tizimli tashkil etish imkoniyatiga ega. Saudiyaning Jidda va Madina yo‘nalishlaridagi parvozlar to‘liq shtat holatida amalga oshirilmoqda.

Avvalroq o‘ta boylar Yaqin Sharqni tark etish uchun xususiy samolyotlarga $350 minggacha to‘layotgani haqida xabar berilgandi.