Hukumat Enter Engineering, Eriell va Saneg kompaniyalar guruhining nomutaxassislik aktivlarini sotadi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 22-yanvardagi qarorida (VMQ-14−3) so‘z boradi. Bu haqda Podrobno nashri ham xabar bermoqda.

Hujjatga ko‘ra, Enter Engineering Pte. Ltd., Eriell Group va Sanoat Energetika Guruhi (Saneg) kompaniyalar guruhi 38,7 ming nafar xodim oldida $131 mln miqdorida ish haqi bo‘yicha qarzdorlikka ega.

Kompaniyalar guruhiga O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi ijrochi direktori Shuhrat Vafayev siymosidagi ishchi guruh bilan birgalikda aktivlarni realizatsiya qilishga tayyorlash va ularni sotishdan tushgan mablag‘larni ish haqi, byudjet oldidagi qarzlar hamda affillanmagan banklar kreditlarini so‘ndirishga yo‘naltirish topshirildi.

Kompaniyalar guruhining moliyaviy barqarorligini ta‘minlash maqsadida ishchi guruhga xodimlarning ish haqi bo‘yicha qarzdorligini birinchi navbatda so‘ndirish uchun nomutaxassislik aktivlarini sotish vazifasi yuklatildi.

Sotilishi ko‘zda tutilgan mulklar ro‘yxati quyidagilardan iborat:

  • Enter Engineering ofisi: Chilonzor tumani, Bunyodkor shohko‘chasi, 47-uy;
  • Enter Engineering ofisi: Sergeli tumani, Choshtepa ko‘chasi, 38/40-uy;
  • Eriell Group ofisi: Mirobod tumani, Gavhar ko‘chasi, 151A-uy;
  • Eriell Group ofisi: Chilonzor tumani, Chorbog‘ ko‘chasi, 82A-uy;
  • Tashkent International Medical Center ko‘p tarmoqli tibbiyot majmuasi binosi: Mirobod tumani, Shahrisabz ko‘chasi, 8-uy (ENERA investitsiya xoldingi tarkibiga kiradi);
  • Silk Road Samarkand sayyohlik majmuasidagi barcha sakkizta mehmonxona (Samarkand Touristic Center ENERA investitsiya xoldingi tarkibiga kiradi);
  • Samarqand xalqaro aeroporti (Air Marakanda ENERA investitsiya xoldingi tarkibiga kiradi);
  • Farg‘ona viloyatidagi Oltiariq neftni qayta ishlash korxonasi;
  • Angren saqlash terminali.

Shuningdek, ishchi guruhga mustaqil maslahatchilarni jalb etgan holda kompaniyalar guruhining strategik loyihalarini yakunlash yuzasidan yangi investorlar uchun takliflar tayyorlash topshirildi.

Ular jumlasiga quyidagilar kiradi:

  • MTO (Methanol to Olefin) gaz-kimyo majmuasi loyihasi;
  • eng yirik Uchqun koni negizida yonuvchi slanetslarni qayta ishlash sanoat majmuasi loyihasi;
  • Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini (FNQIZ) modernizatsiya qilish loyihasi;
  • Samarqandkimyo kimyo zavodi negizidagi Neofos loyihasi;
  • Tebinbuloq kon-metallurgiya kombinatini qurish loyihasi;
  • Buxoro xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish loyihasi.

Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq, kompaniyalar guruhining affillangan shaxslari uchun barcha turdagi soliqlar va bojxona to‘lovlari bo‘yicha kechiktirish muddati 2027-yil 1-yanvarga qadar uzaytiriladi. Biroq, bu kechiktirish faqat xodimlar oldidagi qarzlar to‘langandan so‘ng amal qiladi.

Bundan tashqari, kompaniyalar guruhi qarzlarini so‘ndirish uchun maxsus huquqiy rejim joriy etilmoqda. Uning doirasida kompaniyalar guruhining ko‘char va ko‘chmas mulklari, shuningdek, pul mablag‘larini uchinchi shaxslarga yuklama bilan berishi, sotishi va o‘tkazishi cheklanadi.

Shuningdek, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda, O‘zmilliybankda maxsus hisobvaraq ochgan holda SANEG Aktiv sho‘ba korxonasi tashkil etilmoqda. Unga mol-mulk bepul o‘tkaziladi, mulkni sotishdan tushgan mablag‘lar esa O‘zmilliybankdagi maxsus hisobvaraqqa kelib tushadi.

Kompaniyalar guruhidan SANEG Aktiv‘ga mol-mulkni o‘tkazish soliqlardan va boshqa majburiy to‘lovlardan ozod etiladi.

E-Auksion onlayn platformasi orqali sotiladigan aktivlarga talab bo‘lmagan taqdirda, boshlang‘ich narx har hafta 5%ga, ammo 20%dan ko‘p bo‘lmagan miqdorda pasaytirib boriladi.

Vazirlar Mahkamasi qarorini amalga oshirish uchun ishchi guruh va kompaniyalar guruhiga onlayn tender tartib-taomillarini tayyorlash uchun mustaqil professional maslahatchilarni taklif etish topshirildi.

Mulkni realizatsiya qilishda Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi va kadastr idoralari taqiqlarni, xatlovlarni bekor qilish hamda yangi kadastr hujjatlarini rasmiylashtirishda har tomonlama ko‘maklashishi lozim.

Milliy bank SANEG Aktiv‘ga pul mablag‘larini faqat ishchi guruhning yozma ko‘rsatmasiga binoan, kompaniyalar guruhining ish haqi bo‘yicha qarzi, byudjet oldidagi qarzi va affillanmagan banklar kreditlarini so‘ndirish uchun o‘tkazishi shart.

Moliya vazirligiga vazir o‘rinbosari Xurshid Mustafoyev siymosida bir oy muddatda kompaniyalar guruhining bajarilgan qurilish-montaj ishlari va sotilgan tabiiy gaz hajmlari bo‘yicha aktivlarini solishtirishni hamda debitorlik qarzlarini so‘ndirishni ta‘minlash topshirildi.

Davaktiv agentligiga bir hafta muddatda SANEG Aktiv kompaniyasini ta‘sis etish va bir oy muddatda kompaniyalar guruhidan SANEG Aktiv‘ga mulkni o‘tkazish ishlarini tashkil qilish vazifasi yuklatildi.

KTYDR ma‘lumotlariga ko‘ra, SANEG Aktiv 2026-yil 3-fevralda ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Ustav jamg‘armasi 100 mln so‘m bo‘lgan kompaniya “ko‘chmas mulk oldi-sotdisi” bilan shug‘ullanadi. Ta‘sischisi — Sanoat Energetika Guruhi (100%), direktor etib Mahmudov Mansurbek Muxtor o‘g‘li ko‘rsatilgan.

air samarkand, baxtiyor fozilov, enter engineering, eriel, saneg

Bundan tashqari, Podrobno manbaga tayanib yozishicha, O‘zbekistondagi eng yirik Gazli gaz omborining operatori, asosiy benefitsiari Baxtiyor Fozilov bo‘lgan Gazli Gas Storage qo‘shma korxonasi sotiladi. Olingan mablag‘lar hisobidan, Enter Engineering direktori o‘rinbosari Alisher Hamidovning so‘zlariga ko‘ra, xodimlarga 15-martgacha ish haqi to‘lash rejalashtirilgan.

Gazeta‘ning yozishicha, o‘zbekistonlik tadbirkor Baxtiyor Fozilov O‘zbekistondagi bir qator yirik kompaniyalar, jumladan, Sanoat Energetika Guruhi Enera, Eriell Group, Enter Engineering, Samarkand Touristic Centre va Air Marakanda rahbari yoki aksiyadori hisoblanadi.

Spot, avvalroq, Enter Engineering’dan 12,7 mingdan ortiq xodimning ish haqi bo‘yicha qarzdorligi undirilgani haqida yozgandi.