Apple kompaniyasi yangilangan iMac’ni yangi ranglarda hamda Ultra turkumida bir nechta yangi qimmatbaho qurilma chiqarishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Bloomberg jurnalisti Mark Gurman ma’lum qildi.

Uning taxminicha, Apple MacBook Neo chiqqanidan so‘ng ham boshlang‘ich darajadagi qurilmalarni ishlab chiqarishni davom ettiradi: Neo brendini SE o‘rniga budjet qurilmalarga tatbiq etish kerak. Biroq, uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya aslida qimmatroq qurilmalar sari yo‘nalmoqda.

Gap u “Ultra” deb atagan qurilmalar haqida ketmoqda. Jurnalistning aniqlik kiritishicha, Apple ularning barchasi uchun Ultra brendidan foydalana olmaydi, ammo bir qator kelajakdagi mahsulotlar baribir shu toifaga mansub bo‘ladi. Uning ta’kidlashicha, bu hozirgi flagmanlardan yuqoriroq turadigan alohida sinf bo‘ladi.

Apple qanday Ultra-qurilmalarni chiqarishni rejalashtirmoqda:

  • iPhone Ultra: bu taxminan $2000 lik narxi, ulkan ichki ekrani va ekrandagi datchiklar kabi yangi texnologiyalari tufayli “qolgan modellarni soyada qoldiradigan” buklanadigan iPhone.
  • AirPods Ultra: bu kompyuter ko‘rish tizimli kameralarga ega yangi avlod quloqchinlari bo‘lib, ular atrofdagi obyektlarni taniy oladi: foydalanuvchi Siri’dan o‘zini o‘rab turgan narsalar haqida so‘rashi mumkin bo‘ladi. Bu quloqchinlar hozirgi AirPods Pro‘dan qimmatroq turishi mumkin.
  • MacBook Ultra: bu sensorli OLED-displeyga ega yuqori darajadagi noutbuk. Gurmanning iPad va iPhone misollariga tayanib aytishicha, OLED’ning o‘ziyoq qurilmani qimmatlashtiradi. Yangi model MacBook’ning Pro versiyalaridan yuqoriroq o‘rin egallaydi va ularning o‘rnini bosmaydi.

Gurman, shuningdek, 2026-yil o‘rtalarida yangilangan Mac Studio, so‘ngra iMac va Mac mini chiqishini kutayotganini ma’lum qildi.

Jurnalistning so‘zlariga ko‘ra, u sensorli OLED-ekranli MacBook’ni yil oxirida kutmoqda, iMac’ning yangilanishi esa ranglar palitrasining yangilanishini o‘z ichiga oladi.


Avvalroq Apple hamyonbop iPhone 17e va yangilangan iPad Air hamda narxi $599 dan boshlanadigan MacBook Neo’ni taqdim etgani haqida xabar berilgandi.