Apple 2-mart kuni ikkita yangi qurilma taqdimotini o‘tkazdi. Kompaniya smartfonlarning joriy turkumidagi hamyonbop modeli — iPhone 17e hamda M4 protsessorli yangilangan iPad Air'ni namoyish etdi.

iPhone 17e

Kompaniya yangilangan iPhone 17e A19 protsessori hamda 256 GB yoki 512 GB hajmli xotiraga ega bo‘lganini ma’lum qildi.

Smartfon Apple’ning tezroq ishlaydigan va kamroq quvvat sarflaydigan C1X nomli shaxsiy modemiga ega. Qurilma IP68 standarti bo‘yicha suv sachrashi va changdan himoyalangan.

Kompaniyaning ta’kidlashicha, ekran Ceramic Shield 2 shishasi bilan himoyalangan bo‘lib, u avvalgi avlodga nisbatan tirnalishlardan uch baravar yaxshiroq himoya qiladi va kamroq jilvalanadi. Displey — 6,1 dyuymli Super Retina XDR, eng yuqori yorqinligi 1200 nitgacha yetadi.

Smartfon USB-C orqali simli quvvatlanganda taxminan yarim soat ichida 50% gacha quvvat oladi. Shuningdek, iPhone 17e tezkor simsiz quvvatlash uchun MagSafe va Qi2 texnologiyalarini qo‘llab-quvvatlaydi.

apple, iphone 17e

U 48 megapikselli “ikkisi birda” kameraga ega bo‘lib, u “ikki karrali teleobyektivni o‘z ichiga oladi”. Foydalanuvchilar standart 24 MP yoki 48 MP gacha bo‘lgan aniqlikdagi suratlarni olishlari mumkin.

Shuningdek, smartfon Dolby Vision va Spatial Audio texnologiyalari bilan 4K formatida video yozish imkonini beradi.

Qurilma oq, qora va och pushti ranglarda taqdim etiladi. Narxi $599 dan boshlanadigan 17e uchun oldindan buyurtmalar 2026-yil 4-martda ochiladi, sotuvlar esa 11-martdan boshlanadi.

iPad Air

Kompaniyaning ta’kidlashicha, M4 protsessori tufayli yangi planshet M3'dagi avvalgisidan 30 foizga tezroq ishlaydi. Chipset 9 yadroli grafik blok, 16 yadroli Neural Engine va 12 GB operativ xotirani o‘z ichiga oladi.

Shuningdek, yangi iPad Air’da C1X modemi va Wi-Fi 7 va Bluetooth 6'ni qo‘llab-quvvatlaydigan simsiz N1 moduli o‘rnatilgan. Old va asosiy kameralar Center Stage funksiyasini qo‘llab-quvvatlaydigan 12 MP aniqlik darajasiga ega.

Xaridorlarga qurilmaning ikkita versiyasi taklif etiladi — ekran diagonali 11′′ (27,9 sm) va 13′′ (33 sm). Shuningdek, to‘rtta rangdan birini (ko‘k, binafsha, kulrang va “yulduzli” sariq) va to‘rtta xotira variantidan birini (128, 256, 512 GB va 1 TB) tanlash mumkin.

11 dyuymli ekranli iPad Air narxi $599 dan, 13 dyuymlisi esa $749 dan boshlanadi. Bu model uchun ham oldindan buyurtmalar 24-martda ochiladi, sotuvlar 11-martdan boshlanadi.


Avvalroq Spot Samsung Galaxy S26, S26+ va S26 Ultra smartfonlarini taqdim etgani haqida yozgandi.

Galaxy S26 narxi $900, S26+ $1100, S26 Ultra $1300 ga baholanib, sotuvlar mart oyidan boshlanadi.