Belarus O‘zbekistonga atom elektr stansiyasini qurishda yordam berishga tayyor. Bu haqda mamlakat prezidenti Aleksandr Lukashenko ma’lum qildi.
U Minskda O‘zbekistonning Belarusdagi elchisi Rahmatulla Nazarov bilan uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy yaqinlikni ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, belaruslik mutaxassislar bir qator yo‘nalishlarda, jumladan, atom energetikasi sohasida texnologiyalar taqdim etish hamda mahalliy kadrlarni tayyorlashga tayyor.
Lukashenko O‘zbekiston birinchi AESni yaratish bo‘yicha Belarus tajribasiga qiziqish bildirayotganini ta’kidladi. Mahalliy kadrlar atom energiya bloklarini qurayotgan barcha mamlakatlarda Rossiya bilan hamkorlikda ishlash orqali tegishli kompetensiyalarni o‘zlashtirdi.
“Agarda sizga ma’qul bo‘lsa, istalgan vaqtda kelishingiz mumkin. [O‘zbekiston vakillari] mutaxassislar bilan uchrashib, muhokama qiladi — vazir esa tegishli topshiriq beradi. Biz sizning atom elektr stansiyangiz qurilishiga hissa qo‘shamiz”, — dedi Lukashenko.
Belarus prezidenti atom energetikasini rivojlantirishda mahalliy ekspertlar tomonidan “qo‘ldan kelganicha yordam” ko‘rsatilishini va’da qildi. Uning ta’kidlashicha, Minsk Toshkent bilan texnologiyalar transferi bo‘yicha “chuqur, jiddiy va uzoq muddatli” hamkorlik qilishga tayyor.
2025-yil avgust oyida O‘zatom delegatsiyasi Belarusda bo‘lib, atom elektr stansiyalarini qurish va ulardan foydalanish tajribasini o‘rgandi. Agentlik direktori Azim Axmedxo‘jayev Belarus energetika vaziri Denis Moroz bilan atom energetikasi sohasidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdi.
O‘zbekiston Belarusga “Belarus amaliyotidan maksimal darajada foydalangan holda asosiy hamkorlardan biri sifatida qaraydi”, — dedi Axmedxo‘jayev. O‘z navbatida, Denis Moroz O‘zbekistonda AES qurishda belaruslar ishtirok etishi mumkinligini ma’lum qildi.
Avvalroq Rosatom O‘zbekistonda atom klasterini tashkil etishni taklif qilgani haqida xabar berilgandi. Bo‘lajak AES uchun mo‘ljallangan, aholisi 30 ming kishigacha bo‘lgan innovatsion klasterda atom tibbiyoti va radiologiya yo‘nalishlari ham rivojlantiriladi.