Tashqi ishlar vazirligi Yaqin Sharq mamlakatlaridan o‘zbekistonliklarni vatanga qaytarish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
10-mart soat 07:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonga jami 25 047 nafar fuqaro evakuatsiya qilindi.
Saudiya Arabistonidan muntazam hamda qo‘shimcha charter reyslar orqali 21 017 nafar o‘zbekistonlik mamlakatga qaytarildi.
BAAdan hozirgi kungacha 3555 nafar fuqaro O‘zbekistonga olib kelindi. Qatardan 394 nafar, Erondan 47 nafar, Bahrayndan esa 27 nafar, O‘mondan 7 nafar o‘zbekistonlik xavfsiz olib kelindi.
“Vatandoshlarimizni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha chora-tadbirlar tizimli va bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda”, deyiladi vazirlik xabarida.
Ayni paytda qaytarish ishlari asosan fuqarolik aviatsiyasi uchun havo hududi ochiq bo‘lib turgan mamlakatlar orqali amalga oshirilmoqda.
Shavkat Mirziyoyevning Yaqin Sharqdagi holat sabab fuqarolarni evakuatsiya qilish bo‘yicha topshirig‘i doirasida Transport vazirligi tomonidan rezident va xorijiy aviakompaniyalar bilan aniq rejalar tuzildi. Ishlarni muvofiqlashtirib borish maqsadida O‘zaviatsiya agentligida 24/7 rejimda ishlaydigan SHTAB tashkil etildi.
Avvalroq o‘ta boylar Yaqin Sharqni tark etish uchun xususiy samolyotlarga $350 minggacha to‘layotgani haqida xabar berilgandi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, evakuatsiya qilinayotganlar orasida global moliyaviy kompaniyalar top-menejerlari hamda mintaqada dam olayotgan yoki xizmat safarida bo‘lgan badavlat shaxslar bor.