Shavkat Mirziyoyev 6-mart kuni O‘zbekistonda pillachilik tarmog‘ini yangi tizim asosida rivojlantirish chora-tadbirlarini tasdiqladi. Qaror Lex.uz saytida e’lon qilingan.

2030-yilga borib ipak qurti urug‘i ishlab chiqarishni 20% ga — 30 ming tonnadan 36 ming tonnaga oshirish vazifasi qo‘yilmoqda.

Shuningdek, shu davrda 200 mln tup tut ko‘chati ekish va tarmoq uchun ozuqa bazasini 45% ga kengaytirish bo‘yicha topshiriq berildi.

Joriy yil yakunigacha pillani mamlakatda chuqur qayta ishlash ulushini 30% ga, kelgusi besh yilda esa 75% ga yetkazish bo‘yicha topshiriq berildi. Bu orqali ipak mahsulotlari eksporti 2,5 barobarga oshirilib, $300 mlnga yetkazilishi kutilmoqda.

1-apreldan pilla yetishtiruvchilarga (ipak qurti boquvchi va kasanachilarga) “mahalla yettiligi"ning kollegial qarori asosida pillachilik klasteri haqiqatda pilla uchun to‘lab bergan mablag‘larning 35%i miqdorida subsidiya ajratiladi.

Urug‘chilik korxonalari urug‘lik tayyorlashga jalb qilingan har bir mavsumiy ishchi maoshining 50%igacha kompensatsiya olishi mumkin bo‘ladi. To‘lovning maksimal miqdori 2 MHTEKM (2,542 mln so‘m) ni tashkil etadi.

Jamg‘arma kasanachilarga ipak qurti urug‘ini yetishtirish uchun asbob-uskuna va jihozlar xarid qilish uchun BHMning 50 baravarigacha (20,6 mln so‘m) miqdorda foizsiz ssudalar ajratadi.

2030-yilgacha 41,5 ming gektar maydonda yangi tutzorlar barpo etish, ularning maydonini 77% ga — 95,5 ming gektarga yetkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, 15 ming gektar eski bog‘larni yangilash vazifasi qo‘yilmoqda.

Shuningdek, O‘rmon xo‘jaligi agentligi balansidagi yerlarda kooperativ tutzorlar tashkil etish uchun ehtiyojmand oilalarga 4 mln so‘m subsidiya ajratiladi. Oilaning bir a’zosi ko‘pi bilan bir marta subsidiya olishi mumkin.

Agentlik Bandlik vazirligi bilan birgalikda 3 ming gektar maydonda tutzorlar barpo etadi. Ularga 6 mingta ehtiyojmand oilani oilaviy pudrat asosida bepul ijaraga berish vazifasi qo‘yildi.

Bundan tashqari, klaster maqomini olish uchun pillachilik korxonalariga qo‘yiladigan talablar belgilanmoqda.

Ular ipak qurtiga dastlabki ishlov berish (quritish) va keyingi ishlov berish bosqichlaridan kamida bittasini (xom ipak, ipak ip, gazlama, tayyor mahsulotlar) bajarishi, shuningdek, mahsulot sifatini sinash uchun laboratoriya ochishi kerak.

Pillachilik klasteri quyidagi uchta shartdan biri buzilgan taqdirda o‘z maqomidan mahrum bo‘lishi mumkin:

  • ipak qurti yetkazib berish shartnomalari bo‘yicha bo‘nak to‘lovlari va yakuniy hisob-kitoblarni ko‘rsatilgan muddatlarda bajarish;
  • xarid qilingan ipak qurtini bir kalendar yil davomida to‘liq qayta ishlash;
  • tumandagi “Agropilla” korxonalarida kamida 4 nafar agronom va 1 nafar raqamlashtirish bo‘yicha mutaxassisning ishlashi.

2029-yil 1-yanvargacha pillachilik klasterlarining pilla yetishtirish va saqlash uchun foydalaniladigan bino va inshootlari mol-mulk solig‘i hamda ular egallagan yer uchastkalari yer solig‘idan ozod qilinadi.

Ipakchilik faoliyatidan olgan daromadlari joriy hisobot (soliq) davri yakunlari bo‘yicha jami daromadining kamida 70%ini tashkil etgan ipakchilik korxonalariga foyda solig‘i 2% miqdorida belgilanadi.

Ipak mato va ipakdan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni joriy qilgan korxonalar uchun ijtimoiy soliq 1% stavkada belgilanadi.