Toshkent-Samarqand pulli avtomobil yo‘li bosqichma-bosqich ishga tushirilishi mumkin. Bu haqda Avtoyo‘linvest agentligi direktori Asliddin Isayev O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, loyiha bo‘yicha yirik investor kompaniyalar bilan muzokaralar yakuniga yetkazilgan. Hozirda asosiy moliyalashtirish shartlari bo‘yicha shartnoma oldi muzokaralari olib borilmoqda. Loyihaga dunyoning top-100 talik ro‘yxatiga kiruvchi Xitoy kompaniyalari ham qiziqish bildirmoqda.
Mazkur pulli avtomobil yo‘li kunlik o‘rtacha qatnovi 55 000−60 000 tagachani tashkil etuvchi Toshkent-Samarqand yo‘nalishidagi mavjud magistralga parallel ravishda quriladi. Trassa Toshkent katta halqa avtomobil yo‘lining Sergeli tumanidan o‘tuvchi qismidan boshlanib, Samarqand viloyatigacha davom etadi.
“Tariflar yakuniy muzokaralar natijasida investorlar takliflaridan kelib chiqib belgilanadi. Eng asosiysi, yakuniy qaror xalqimizning moliyaviy imkoniyatlari hisobga olingan holda belgilanadi”, — dedi Asliddin Isayev.
Uning qayd etishicha, Toshkentdan Sirdaryogacha bo‘lgan qatnov qismida eng yuqori transport oqimi mavjud. Investorlar bilan muzokaralarda yo‘lni bosqichma-bosqich foydalanishga topshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqiladi.
Muvofiqlashtirilgan TIA bo‘yicha loyiha parametrlariga ko‘ra, Toshkent-Samarqand pulli yo‘li qurilishi loyihasining qiymati $2,25 mlrdni tashkil etadi. Yo‘lning 7,2 km qismi tosh to‘ldirilgan ustun bilan mustahkamlanadi, 132,8 km qismida esa zaif tuproq o‘rni qum-shag‘al aralashmasi bilan to‘ldiriladi.
Yo‘l infratuzilmasi 12 ta transport yechimi, 60 ta tunnelli o‘tish joyi, 91 ta ko‘prik, 16 ta yo‘l o‘tkazgich hamda 258 ta quvur (drenaj inshootlari) ni o‘z ichiga oladi. Intellektual transport tizimlari 24/7 rejimda ishlaydi.

Umumiy uzunligi 282 km bo‘lgan pulli yo‘lda har biri 3,75 metr kenglikdagi sement-beton qoplamali 6 ta tasma yotqizilib, 12 ta to‘lov terminallari o‘rnatiladi. Har ikki tarafda esa 6 tadan yo‘l bo‘yi inshootlari quriladi.
Shuningdek, yo‘lning loyihaviy tezligi soatiga 150 kilometrni, o‘qqa tushadigan og‘irlik 13 tonnani tashkil etadi, pulli trassaga vazn o‘lchash tizimi o‘rnatiladi.
Loyiha natijasida Toshkentdan Samarqandgacha bo‘lgan harakat vaqti 2−2,5 soatgacha qisqarishi, transport sig‘imi 50 mingtani tashkil etishi kutilmoqda. “Qurilish ishlarini qisqa fursatlarda boshlash rejalashtirilmoqda”, — deya qo‘shimcha qildi Avtoyo‘linvest agentligi direktori.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev 5-mart kuni transport infratuzilmasini modernizatsiya qilishga qaratilgan yirik loyihalar doirasida olib borilayotgan ishlar yuzasidan taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.