Uzum raqamli ekotizimi O‘mon Sultonligining suveren investitsiya fondi $130 mlndan ortiq sarmoya jalb qildi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati Spot’ga ma’lum qildi.

Navbatdagi strategik investitsiya raundida Uzumning joriy investorlari — VR Capital, Tencent va FinSight Ventures ham ishtirok etdi. Yangi baholash ko‘rsatkichi $2,3 mlrd darajasida qayd etildi.

Kompaniya bu ekotizimni yanada rivojlantirish uchun muhim qadam ekanligini qayd etdi. Jalb etilgan mablag‘larni asosiy yo‘nalishlar — elektron tijorat, raqamli banking, to‘lov servislarining rivojlantirishga yo‘naltirish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, investitsiyalar texnologik infratuzilmani kengaytirish va 20 mlndan ortiq aholi foydalanayotgan raqamli servislarini mamlakatning barcha hududlari uchun yanada qulayroq qilishga yordam beradi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov O‘mon suveren investitsiya fondining raundda ishtirok etishini mamlakatlar o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar mustahkamlanayotganidan dalolat deb atadi. Bitim “investitsiya muhitini yaxshilash va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha izchil ishlar” natijasi bo‘ldi, deya qo‘shimcha qildi u.

“Bugun biz uchun nafaqat o‘monlik hamkorlarning yuqori bahosi, balki strategiyamizni qo‘llab-quvvatlab, Uzum o‘sishiga sarmoya kiritishda davom etayotgan dastlabki investorlarimizning ishonchi ham muhimdir. Mamlakatimiz ajoyib salohiyatga ega va bugun biz uni yana bir bor butun dunyoga namoyish etdik”, — dedi Uzum asoschisi Jasur Jumayev.

2025-yilning avgust oyida Uzum Xitoyning Tencent Holdings Ltd. (WeChat egasi) kompaniyasi va VR Capital investitsiya fondidan $70 mln jalb qildi. Mablag‘lar jalb qilingandan so‘ng ekotizimni yakuniy baholash taxminan $1,5 mlrdni tashkil etgandi. Noyabr oyida esa raqamli ekotizim Amerikaning VR Capital investitsiya fondidan 300 mlrd so‘m jalb qildi.

Avvalroq Spot Smartup platformasi IT Park Ventures’dan $1 mln investitsiya olishi haqida yozgandi.