Buxoro aeroportini davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish va boshqarish bo‘yicha tender e‘lon qilindi. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston hukumati Uzbekistan Airports, Transport hamda Iqtisodiyot va moliya vazirliklari ishtirokida DXSH shartlari asosida yangi Buxoro xalqaro aeroportini qurish va boshqarish loyihasi doirasida malaka so‘rovini tayyorlash boshlanganini e‘lon qildi.
Loyiha Buxoro tumanidagi Qumsulton massivi hududida yangi aeroport majmuasini barpo etishni nazarda tutadi. Yangi aeroport ham ichki, ham xalqaro reyslarga xizmat ko‘rsatadi va mintaqaning asosiy transport uzellaridan biriga aylanadi.
2025-yil yakunlariga ko‘ra, Buxoro xalqaro aeroporti 574 mingdan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan bo‘lib, yo‘lovchi oqimining asosiy qismini xalqaro reyslar tashkil etdi.


Loyiha doirasida quyidagilarni barpo etish rejalashtirilgan:
- maydoni 48 500 m² bo‘lgan yo‘lovchi terminali. Bunda terminalning o‘tkazish quvvati xalqaro reyslarda soatiga 1 200 yo‘lovchi, ichki reyslarda esa 400 yo‘lovchini tashkil etadi;
- keytering binosi, avtoturargohlar va yuklarga xizmat ko‘rsatish maydonlari;
- sig‘imi 8 000 m³ bo‘lgan yoqilg‘i quyish majmuasi.
Taʼkidlanishicha, aerodrom infratuzilmasi davlat boshqaruvida qoladi. Xususiy sherik esa yo‘lovchi terminali va unga tegishli infratuzilmani qurish hamda undan foydalanish uchun mas‘ul bo‘ladi.
Tenderda ishtirok etish uchun shu kabi loyihalarni amalga oshirishda tajribaga ega barcha manfaatdor kompaniyalar taklif etilmoqda.
Batafsil ma‘lumotlarni tender.info@uzairports.com elektron pochtachi yoki +998 55 501 47 47 yoki 4598 va 4617 ichki raqamlaridan olish mumkin.
O‘tgan yilning martida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Uzbekistan Airports raisi Javlonbek Umarxo‘jayev Yangi Buxoro aeroportini 2026-yil oxirigacha foydalanishga topshirish rejalashtirilayotganini aytgandi.
Joriy yilning yanvarida esa Buxoro xalqaro aeroporti direktori o‘rinbosari Shahboz Hayitov Yangi Buxoro aeroporti 2027-yilning birinchi choragida ishga tushirilishini bildirdi.
Avvalroq Toshkent-Samarqand pulli yo‘li bosqichma-bosqich ishga tushirilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.

