Shavkat Mirziyoyev 11-mart kuni loyihalarni ekspertizadan o‘tkazish tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Joriy yilda mamlakat hududlari va iqtisodiyot tarmoqlariga $50 mlrddan ziyod investitsiya jalb qilish, ijtimoiy va infratuzilma obyektlari qurilishiga 24 trln so‘m budjet mablag‘larini yo‘naltirish, shuningdek, davlat xaridlari doirasida 300 trln so‘mdan ziyod tovarlar, ishlar va xizmatlarni xarid qilish rejalashtirilgan.

Amaldagi tartib mazkur talablarga to‘liq javob bermayotgani, tadbirkor va investorlarning jiddiy eʼtirozlariga sabab bo‘layotgani qayd etildi. Jumladan, o‘tgan yili ekspertizaga kelib tushgan 7750 ta hujjatning bir qismi uzoq muddatlarda ko‘rib chiqilgan. Ayrim hollarda loyihalar ahamiyati katta bo‘lmagan kamchiliklar sabab bir necha marta qayta ishlashga yuborilgan.

Shu bois, prezident farmoni bilan Loyihalar va import shartnomalarini kompleks ekspertiza qilish markazi yangi tuzilgan Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligiga o‘tkazildi va uning faoliyatini transformatsiya qilish vazifalari belgilab berildi.

Taqdimotda sohadagi muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflar ko‘rib chiqildi.

Markaz faoliyati raqamlashmagani va xavf-tahlil yondashuvining yo‘qligi uchun bitta xodimga to‘g‘ri keladigan operatsion yuklama ortib ketgani qayd etildi. Markazda 130 nafar xodim ishlasa-da, xavfi past va strategik ahamiyatli loyihalar bir-biridan ajratilmagani uchun har bir xodimga ikki kunda o‘rtacha bitta loyiha to‘g‘ri kelmoqda.

Ekspertizaga kelib tushayotgan hujjatlarning katta qismi qiymati nisbatan kichik bo‘lgan loyihalardan iborat. Shuningdek, ko‘plab hujjatlar avval ko‘rilgan loyihalarga o‘xshash bo‘lsa ham, ular qaytadan to‘liq tartibda ko‘rib chiqilmoqda. Bu esa ortiqcha vaqt va resurs sarfiga sabab bo‘layotgani qayd etildi.

Taqdimotda markaz faoliyatiga ilg‘or tajriba va amaliyotlarni joriy qilish taklif qilindi. Xususan, loyihalarni ko‘rib chiqishda xavf darajasi va qiymatiga qarab, tabaqalashtirilgan tartibni joriy etish taklifi bildirildi.

Unga ko‘ra, loyihaoldi hujjatlarni ekspertizadan o‘tkazishda texnik topshiriqlar ko‘rib chiqilmaydi, faqat $15 mlndan yuqori qiymatdagi korporativ va budjet loyihalari ko‘rib chiqiladi.

Yirik va megaloyihalarni parallel ekspertizadan o‘tkazish, avvalgilariga o‘xshash loyiha kelib tushganda, tezlashtirilgan tartibda ko‘rib chiqish, jismonan va maʼnan eskirgan uskunalarni soddalashtirilgan tartibda ekspertizadan o‘tkazish, benchmarking usulini qo‘llash tashabbuslari ilgari surildi. Bu ekspertiza jarayonini maqbullashtirib, markazning asosiy eʼtiborini strategik ahamiyatga ega yirik investitsiya loyihalariga qaratish imkonini beradi.

Taqdimotda ekspertiza jarayoni ishtirokchilari uchun rag‘batlantiruvchi mexanizmlarni joriy etish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Jumladan, loyihalar bo‘yicha birinchi bosqichdayoq ijobiy xulosa olinsa yoki loyiha bo‘yicha bildirilgan e‘tirozlar muddatidan oldin bartaraf etilsa, ekspertiza jarayonlarini tezlashtirish va chegirmalar berish kabi buyurtmachilarni rag‘batlantirish choralari taklif qilindi.

Markaz faoliyatini raqamlashtirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Buning uchun soliq va bojxona organlari, milliy statistika tizimi, ekologiya va iqlimga oid maʼlumotlar bazalari, shuningdek, qurilish resurslari milliy klassifikatori hamda davlat xaridlari elektron tizimlari bilan integratsiya qilingan yagona axborot platformasi yaratiladi.

Ushbu platforma orqali loyihalarga oid hujjatlar onlayn shakllantirilishi, tovar va xizmatlarning narxlari hamda texnik ko‘rsatkichlari sunʼiy intellekt yordamida tahlil qilinishi belgilanmoqda.

Davlat rahbari loyihalar ekspertizasi investitsiya muhitining muhim bo‘g‘ini ekanini taʼkidlab, mazkur sohada ortiqcha byurokratik to‘siqlarni qisqartirish, jarayonlarni raqamlashtirish, sifat va tezkorlikni oshirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Avvalroq ipakchilik sohasi qanday rivojlantirilishi haqida xabar berilgandi.