10-martdan boshlab O‘zbekistondan Saudiya Arabistoni va BAAga ikki tomonlama yo‘lovchi aviqatnovlariga ruxsat berildi. Bu haqda Gazeta.uz va Kun.uz Transport vazirligining milliy va xorijiy aviakompaniyalarga seshanba kuni yuborgan xatiga tayanib xabar berdi. Ushbu ma’lumotni Spot’ga aviatsiya sohasidagi ikki manba ham tasdiqlagan.

2026-yil 10-martdan boshlab O‘zbekistondan Saudiya Arabistoni va BAAgacha ikki tomonlama yo‘lovchi tashuvlarini (olib chiqish va olib kirish) tashkil etishga ruxsat etiladi. Bunda avval amal qilgan yo‘lovchilarning turi va fuqaroligiga oid cheklovlar bekor qilinadi.

Transport vazirligi tomonidan ta’kidlanishicha, Umra mavsumi yakunlanib borayotgani va Haj-2026 mavsumi boshlanishidan oldin barcha umra ziyoratchilari qirollik qonunchiligiga muvofiq mamlakatni tark etishi shart.

Shu munosabat bilan Uzbekistan Airports kompaniyasiga Saudiya Arabistoniga uchayotgan barcha yo‘lovchilarda qaytish aviachiptasi mavjudligini tekshirish, qaytish chiptasi bo‘lmagan yo‘lovchilar ro‘yxatini aviakompaniyalar va turoperatorlar kesimida tuzish, hamda har bir ish smenasi yakunida ushbu ma’lumotlarni O‘zaviatsiya agentligi shtabiga taqdim etish topshirildi.

Barcha aviakompaniyalar Saudiya Arabistoniga umra ziyoratchilarini tashishni 2024-yil 12-noyabrdagi Vazirlar Mahkamasi qarori talablariga muvofiq amalga oshirishi kerak. Mazkur hujjatga ko‘ra, ziyoratchilarni tashish faqat Din ishlari bo‘yicha qo‘mitadan litsenziya olgan turoperatorlar orqali amalga oshiriladi.

Ziyoratchilarni tashish bo‘yicha turoperatorlar bilan tuziladigan shartnomalarda har bir yo‘lovchiga alohida tarzda borish va qaytish aviachiptasi berilishi sharti mustahkamlanishi lozim. Bu talab reyslarni qaysi aviakompaniyalar amalga oshirishidan qat’i nazar amal qiladi.

Parvoz vaqtida ogohlantirish tizimi orqali yo‘lovchilarga turoperatorlar va turagentlar ularga ikki tomonga aviachiptalar, mehmonxona vaucheri, transfer, ovqatlanish hamda sug‘urta nusxalarini taqdim etishi shartligi eslatib turiladi.

Shuningdek, yo‘lovchilarga o‘z turoperatorlari bilan doimiy aloqada bo‘lish va qaytish reysi uchun aviachiptada ko‘rsatilgan vaqtda aeroportga kelish tavsiya etiladi.

O‘zaviatsiya agentligiga Saudiya Arabistonidan qaytish chiptasisiz uchib ketayotgan yo‘lovchilar haqidagi ma’lumotlarni tahlil qilish va zarurat tug‘ilganda ularni Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Turizm qo‘mitasi hamda prokuratura organlariga yuborish topshirilgan. Tahlil jarayonida borish va qaytish chiptalari turli aviakompaniyalar tomonidan rasmiylashtirilgan bo‘lishi mumkinligi ham inobatga olinadi.

Transport vazirligi Yaqin Sharqdagi vaziyatni doimiy ravishda kuzatib borishini va zarur bo‘lsa, hukumat bilan hamkorlikda qo‘shimcha ko‘rsatmalar berishini ma’lum qilgan.


Avvalroq Spot 10-mart kuni Yaqin Sharqdan 25 mingdan ortiq o‘zbekistonlik evakuatsiya qilingani haqida yozgandi.