Shavkat Mirziyoyevga neft va gaz sohasida belgilangan vazifalar ijrosining holati yuzasidan hisobot berildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

30-yanvar kuni O‘zbekneftgaz faoliyati samaradorligini oshirish, uglevodorod zaxiralarini kengaytirish va tarmoqni zamonaviy texnologiyalar asosida rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilangandi. 23-fevral kuni esa ushbu topshiriqlarning dastlabki ijrosi ko‘rib chiqilib, qator qo‘shimcha topshiriqlar berilgan edi.

Bugungi taqdimotda mazkur chora-tadbirlarni amalga oshirish jarayoni yana bir bor tahlil qilindi.

Neft va gaz sohasida geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish, yangi konlarni aniqlash, mavjud quduqlar samaradorligini oshirish va qazib chiqarish hajmini barqarorlashtirishga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Bu borada soha rahbarlarining joriy yil boshidan 3D seysmik qidiruv ishlari 471 kvadrat kilometr hajmda amalga oshirigani, 11 ta yangi quduq ishga tushirilgani, 20 ta quduqda ta‘mirlash ishlari bajarilgani va 5 ta texnologik tadbir amalga oshirilgani to‘g‘risidagi ma‘lumoti ko‘rib chiqildi.

Shu bilan birga, sohada operatsion samaradorlikni oshirish, korxonalarning xarajatlarini maqbullashtirish va moliyaviy barqarorligini mustahkamlash bo‘yicha ishlarga alohida eʼtibor qaratildi.

Davlat rahbari belgilangan vazifalar va rejalashtirilgan chora-tadbirlar ijrosini aniq hisob-kitob va qatʼiy intizom asosida taʼminlashni davom ettirish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

Avvalroq yanvarda O‘zbekistonda neft-gaz qazib olish qisqargani, dizel ishlab chiqarish esa keskin oshgani haqida xabar berilgandi.