2026-yilning yanvar oyida O‘zbekistonda neft va gaz qazib olish hajmi qisqardi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi hisobotida keltirilgan.

Dastlabki oyda neft qazib olish 2025-yilning mos davriga nisbatan biroz — 1,8% ga pasayib, 54,1 ming tonnani tashkil etdi. Shunga qaramay, avtomobil benzini ishlab chiqarish 11,7% ga — 110,6 ming tonnagacha oshgan. O‘tgan yilning shu davrida benzin ishlab chiqarish 20% dan ortiqqa qisqargandi.

Tabiiy gaz qazib olish hajmi 7,5% ga kamayib, 3,7 mlrd kub metrni tashkil etdi. Eng katta pasayish esa gaz kondensatini ishlab chiqarishda kuzatilib, uning hajmi 16,3% ga qisqarish bilan 83,4 ming tonnaga tushdi (2024-yilning mos davri bilan taqqoslanganda esa — bu 1,3 baravar kam).

Yanvarda dizel yoqilg‘isini ishlab chiqarish keskin oshdi — uning hajmi bir oyda 143,9% o‘sish bilan 81 ming tonnaga yetdi. Ko‘mir qazib olish hajmi esa o‘zgarishsiz qoldi — 0,4 mln tonna.

Bundan tashqari, elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 8% ga — 7,57 mlrd kVt/soatdan 8,18 mlrd kVt/soatgacha oshdi. Yirik korxonalarda elektr energiyasi ishlab chiqarish 2% dan ortiqqa qisqarib, 5,88 mlrd kVt/soatni tashkil etdi. Kichik biznes tomonidan esa 2,3 mlrd kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, 46,6% o‘sish ta’minlandi.

Shu bilan birga, issiqlik energiyasi ishlab chiqarish hajmi 1,11 baravarga — 2,47 mln Gkalgacha pasaydi.

Avvalroq Spot O‘zbekiston yanvarda oltin va gaz eksport qilmadi, yoqilg‘i va texnika importini sezilarli oshirgani haqida yozgandi.