YouTube’ning reklama daromadi 2025-yilda $40,4 mlrdga yetdi, deya xabar berdi TechCrunch nashri.
Qayd etilishicha, ko‘rsatkich ilk bor Disney, NBC, Paramount va Warner Bros.ning $37,8 mlrdlik umumiy reklama daromadidan oshib ketdi.
YouTube’ning umumiy daromadi qariyb $62 mlrdni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich Disney media-bo‘linmasining $60,9 mlrdlik daromadidan ham yuqoridir, deb yozadi The Hollywood Reporter.
Tahlilchilar YouTube’ni “media bozorining yangi qiroli” deb atab, servisni $500−560 mlrdga baholamoqda — bu an’anaviy media kompaniyalarnikidan ancha yuqori. Unga eng yaqin raqobatchi — bozor kapitallashuvi $409 mlrdga teng bo‘lgan Netflix’dir.
Moffett Nathanson prognozlariga ko‘ra, YouTube’ning kelgusi o‘sishini uning asosiy global videoxosting sifatidagi mavqei hamda sun’iy intellektga kiritilayotgan sarmoyalar ta’minlaydi.
Ko‘plab mualliflar kontent yaratish jarayonini tezlashtirish va xarajatlarni kamaytirish uchun allaqachon neyrotarmoqlardan foydalanmoqda — bu esa kontentni yanada samaraliroq ishlab chiqarish imkonini beradi.
Bundan tashqari, an’anaviy studiyalar televideniye auditoriyasining qisqarishi va ishlab chiqarish xarajatlarining ortishi kabi muammolarga duch kelmoqda.
Reklama beruvchilar esa reklamani aynan YouTube’da faolroq joylashtirmoqda, chunki tomoshabinlar, ayniqsa, yoshlarning e’tibori shu yerda jamlangan, deya izoh beradi ekspertlar.
Avvalroq BYD besh yil ichida savdo bo‘yicha 22 mamlakatda Tesladan o‘zib ketgani haqida xabar berilgandi.
Birgina 2025-yilda Tesla yetkazib berish hajmi 8,6% ga kamayib, 1,79 mlndan 1,64 mln donaga tushdi. BYD savdosi esa 28% ga o‘sib, 2,26 mln elektromobilga yetdi.