Enter Engineering va unga aloqador 34 ta korxonadan 12,7 mingdan ortiq xodimning 450 mlrd so‘m ish haqi undirib berildi. Bu haqda 12-mart kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Davlat mehnat inspeksiyasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Nilufar Amanniyazova ma’lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Enter Engineering kompaniyasida ish haqi qarzdorligi bo‘yicha tekshiruvlar ommaviy axborot vositalarida yoritilmasa ham muntazam o‘tkazib kelinadi. 2025-yilda ham fuqarolar murojaatlari asosida o‘rganishlar olib borilib, undiruv va ma’muriy javobgarlik choralari ko‘rilgan.
Joriy yilning yanvar oyida o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida 450 mlrd so‘mga yaqin mablag‘ undirib berilgan. Bu Enter Engineering’ning 11 ta obyekt hamda unga aloqador 34 ta korxonasida faoliyat yuritayotgan jami 12 754 nafar ishchisining 4−6 oylik maoshini tashkil etadi.
O‘tgan yilda esa kompaniya xodimlarining 150 mlrd so‘mga yaqin ish haqi qarzdorligini undirish choralari ko‘rilgan. Nilufar Amanniyazova undiruv asosan har bir tashkilotning moliyaviy holatiga bog‘liq bo‘lishini qayd etdi. Agar mablag‘lar mavjud bo‘lmasa, sudga da’vo arizalari kiritiladi.
Shuningdek, u kompaniyadan oylik ish haqini undirish choralari oxiriga yetkazilishini, qolgan tashkilotlar bo‘yicha ham tekshiruvlar davom ettirilishini qo‘shimcha qildi.
Bundan tashqari, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri o‘rinbosari Ra’no Turdiboyeva Mehnat inspeksiyasi Soliq qo‘mitasi bilan birgalikda fuqarolarning ish haqlarini undirish borasida “xavfni tahlil qilish” tizimi orqali o‘rganish ishlarini olib borayotganini qayd etdi.
“Inspeksiya to‘g‘ridan to‘g‘ri borib, xohlagan tadbirkorini tekshira olmaydi, buning o‘z tartibi bor. Albatta, inspeksiya signal bo‘lgan vaqtida o‘z vazifasini bajaradi”, — dedi u.
O‘tgan haftada Bandlik vazirligi Enter Engineering kompaniyasidan 12,7 mingdan ortiq xodimning ish haqi bo‘yicha qarzdorligi undirilganini ma’lum qilgandi.
Undan keyin OAVda hukumat qarori bilan Enter Engineering, Eriell va Saneg kompaniyalarining nomutaxassislik aktivlari sotilishi haqidagi xabarlar paydo bo‘ldi. Hujjatga ko‘ra, ushbu kompaniyalar guruhi 38,7 ming nafar xodim oldida $131 mln miqdorida ish haqi bo‘yicha qarzdorlikka ega.
Avvalroq aholi bandligini oshirish uchun Jahon bankidan $100 mln jalb qilish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.