Toshkent hokimligi poytaxtdagi elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalarining ommaviy o‘chirilishiga izoh berdi. Bu haqda 12-mart kuni hokimning transport va yo‘l infratuzilmasi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Abdurahmon Baxtiyev jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Spot muxbiri.
Hokim o‘rinbosari elektromobillarni quvvatlantirish shoxobchalarining tarmoqdan uzilishi bilan bog‘liq vaziyatni “ham shoxobcha operatorlari, ham elektromobil egalari — barcha uchun mag‘lubiyatli hikoya” deb atadi.
“Reglament mavjud, shuningdek, shahar yeri ham bor. Bunday yerda elektr quvvatlantirish stansiyasini o‘rnatish uchun elektron auksionda ishtirok etib, maydonni xarid qilish kerak. Ko‘pincha hozir o‘chirilgan stansiyalar davlat yerida joylashgan va undan foydalanish uchun to‘lov qilmaydi — ya’ni maydon auksionda sotib olinmagan. Shu sababli biz ularni o‘chirishga majbur bo‘ldik”, — dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, zaryadlash stansiyalari tarmoqlari operatorlari yonma-yon joylashgan do‘konlar egalari bilan kelishib, ularning kadastr raqamini olib, ruxsat beruvchi organlarga hujjatlarni topshiradi va shu kadastr asosida ruxsatnoma oladi. Natijada ma’lumotlar buzib ko‘rsatilmoqda, bu esa shahar budjetiga yetarli mablag‘ tushmasligiga olib kelmoqda, deya tushuntirdi u.

Abdurahmon Baxtiyev. Foto: Orif Hoshimov / Gazeta.uz
Abdurahmon Baxtiyev elektr quvvatlantirish stansiyalarining o‘chirilishini “majburiy chora” deb atadi. Shu munosabat bilan u qish va yozda elektr tarmoqlarida yuklama ortishi kuzatilayotganini ta’kidladi.
“Parallel ravishda biz ushbu kompaniyalar vakillari bilan muammoni hal qilish yo‘llarini muhokama qilishni boshladik. Hozir reglamentni yangilash ustida ishlayapmiz. Tan olish kerak, ma’lum darajada byurokratiya ham bor. Biz xalqaro tajribani o‘rganmoqdamiz va Jahon banki bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydik, uning bu sohada ruxsat berish tartib-taomillarini takomillashtirish bo‘yicha loyihasi bor. Umuman olganda, ish ketyapti”, — deya qo‘shimcha qildi u.
O‘tgan hafta boshida poytaxt hokimligi elektromobillar uchun tezkor quvvatlash stansiyalaridan foydalanishda “ko‘plab” qoidabuzarliklar haqida xabar bergandi. Qoidabuzarlar orasida “bozorning yirik ishtirokchilari ham, alohida xo‘jalik yurituvchi subyektlar ham” bor redi.
Xususan, 101 ta quvvatlash stansiyasi vaqtincha o‘chirilgani haqida xabar berilgan edi. Poytaxt hokimligi “huquqiy maydonda ishlash” sharti bilan biznes bilan “konstruktiv hamkorlik"ka tayyorligini ma’lum qildi.
O‘z navbatida, Biznes-ombudsman Toshkent shahridagi elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalarining tarmoqdan uzilishi va bekatlardagi savdo shoxobchalarining yopilishiga izoh berdi. Idora tadbirkorlarning murojaatlarini o‘rganib, asossiz xatti-harakatlar aniqlangan taqdirda aybdor mansabdor shaxslarga ta’sir choralarini ko‘rishga va’da bermoqda.
Avvalroq Toshkentda dizayn-kod tasdiqlangani, barcha binolar yagona talablarga keltirilishi haqida yozgandi.
Dizayn-kodning binolarning tashqi ko‘rinishiga oid talablari shaharsozlik normalari va qoidalariga integratsiya qilinishi rejalashtirilmoqda.