Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentning Temur Malik va Buyuk Ipak yo‘li ko‘chalari kesishmasidagi yangi tunnel yo‘li atrofida tirgak devorning bir qismi o‘pirilib tushgani aks etgan lavhalar tarqaldi. Holat yuzasidan poytaxt hokimligi matbuot xizmati izoh berdi.
Taʼkidlanishicha, hodisa oqibatida jabrlanganlar qayd etilmagan. Voqea joyiga zudlik bilan avariya xizmatlari, texnik mutaxassislar va mas‘ul tashkilotlar vakillari yuborilgan.




Hodisa sodir bo‘lgan hudud o‘rab olingan, zarur xavfsizlik choralari kuchaytirilgan. Hozirda kompleks texnik tekshiruv o‘tkazilmoqda.
Hokimlik dastlabki taxminlar qatorida so‘nggi kunlardagi kuchli yog‘ingarchilik ta‘siri, jumladan, tuproqning haddan tashqari namlanishi va konstruksiyaga tushadigan yuklamaning ortishi kabi omillar ko‘rib chiqilayotganini bildirdi.
Shuningdek, loyihaviy yechimlar, qurilish-montaj ishlari sifati, drenaj tizimining holati, qurilish nazorati hamda obyektni qabul qilib olish tartibi kabi barcha tegishli holatlar ham tekshirilmoqda.
“Texnik tekshiruv yakunlari bo‘yicha tiklash ishlari yuzasidan qaror qabul qilinadi. Qoidabuzarliklar yoki ishlarning lozim darajada bajarilmaganligi aniqlansa, mas‘ul shaxslarni belgilangan tartibda javobgarlikka tortish choralari ko‘riladi”, — deyiladi hokimlik xabarida.
Hokimlik hodisa joyiga poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqov ham ishchi guruh va mutasaddi xizmatlar rahbarlari bilan birga yetib borganini maʼlum qildi.


Toshkent xalqa yo‘lining Mirzo Ulug‘bek tumanidan o‘tgan qismi 2024-yilning avgust oyida ochilgan. Uning doirasida Temur Malik ko‘chasining Buyuk ipak yo‘li bilan kesishmasida yig‘ma temir konstruksiyali yo‘l o‘tkazgich qurildi.
Bu usulning qurilish muddati boshqa ko‘priklarga nisbatan ikki barobar kam vaqt talab qilishi, xizmat ko‘rsatish muddati esa 100 yildan ortiqligi taʼkidlangandi.
Kun.uz xabariga ko‘ra, “Buyuk Turon” ko‘prigi qayta qurilishi 128,6 mlrd so‘mga tushgan.
Spot, avvalroq, Toshkent-Samarqand pulli yo‘li bosqichma-bosqich ishga tushirilishi mumkinligi haqida yozgandi.





