TBC Uzbekistan ekotizimining boshqaruv kompaniyasi — TBC Digital payme kompaniyasini qayta tashkil etish jarayonini boshladi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati Spot‘ga ma‘lum qildi.

Ma‘lum qilinishicha, jarayon doirasida payme tarkibidan mustaqil faoliyat yurituvchi TBC Tech MChJ ajratib chiqariladi. Tegishli ma‘lumot 10-mart kuni openinfo.uz portalida e‘lon qilingan.

Ta‘kidlanishicha, ushbu qaror TBC Uzbekistan ekotizimini rivojlantirish strategiyasining bir qismi hisoblanadi. O‘tgan yil kuzida mazkur strategiya doirasida ekotizimning operatsion funksiyalarini birlashtirgan TBC Operations kompaniyasi tashkil etilgan.

Qayta tashkil etishning joriy bosqichi IT-funksiyalarni markazlashtirishga qaratilgan.

Shu maqsadda payme tarkibidan yangi yuridik shaxs — TBC Tech ajratilmoqda, unga kompaniya aktivlarining bir qismi hamda jamoaning ayrim xodimlari o‘tkaziladi. Yangi kompaniya TBC Digital boshqaruv kompaniyasi tarkibiga kiradi.

Maʼlum qilinishicha, payme‘dagi ushbu o‘zgarishlar ichki jarayonlar tezligini oshirish hamda texnologik platformani kuchaytirishga qaratilgan.

Shu bilan birga, o‘zgarishlar faqat tashkiliy xarakterga ega bo‘lib, to‘lov ilovasining joriy faoliyatiga ta‘sir qilmaydi.

Spot, avvalroq, TBC Uzbekistan IPO‘ga chiqish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani haqida yozgandi.