Texas shtatida yashovchi Jastin Sent-Amur Xyustondagi jiddiy avariyadan so‘ng Tesla kompaniyasiga $1 mlndan ortiq miqdorda da’vo arizasi bilan murojaat qildi, deb xabar beradi Electrek.
2025-yilning avgust oyida uning to‘liq avtopilot (Full Self-Driving, FSD) rejimida harakatlanayotgan Cybertruck avtomobili shosse ayirmasidagi beton to‘siqqa borib urildi.
Ish materiallariga ko‘ra, mashina yo‘l ayirmasida o‘ngga silliq burilishi kerak edi, biroq FSD tizimi to‘g‘riga yurishga urinishi oqibatida to‘siq bilan to‘qnashgan.
Sent-Amur ushbu hodisadan bir necha oy avval avtonom haydash tizimi bilan jihozlangan, ishlatilgan elektropikapni xarid qilgan edi.
Da’voning eng e’tiborli jihatlaridan biri Ilon Maskni bosh direktor lavozimiga “beparvolik bilan yollash va ushlab turish"da ayblanishi bo‘ldi.
Ta’kidlanishicha, haydovchiga yordam berish tizimlarining texnik cheklovlariga aynan Maskning shaxsiy qarorlari sabab bo‘lgan.
Xususan, da’vo arizasida uning faqat kameralardan foydalanish uchun lidarlardan voz kechgani, shuningdek, texnologiyalarning real imkoniyatlariga to‘g‘ri kelmaydigan to‘liq avtonomlikka erishish haqida doimiy va’dalar berib kelgani qayd etilgan.
Sent-Amur yuristlarining ta’kidlashicha, aslida ikkinchi darajali avtopilot bo‘lgan “Full Self-Driving” nomli tizimning marketingi haydovchilarni chalg‘itib, ularda asossiz xavfsizlik tuyg‘usini uyg‘otadi.
Da’vo arizasida qayd etilishicha, Tesla rahbariyati tizimning kamchiliklaridan xabardor bo‘lsa-da, Maskka xavfli rivojlanish strategiyasini belgilashga imkon berishda davom etgan.
Spot yanvar voyida Tesla Ostin shahrida o‘zini o‘zi boshqaradigan robotaksilarni ishga tushirgani haqida yozgandi.
Ularni sinovdan o‘tkazish 2025-yil oxirida boshlangan bo‘lsada, biroq yo‘lovchilar uchun endi taqdim qilindi.