O‘zbekistonda AI-92 benzini bir kunlik pasayishdan keyin yana qimmatlashdi. Bu haqda O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi (O‘zRTXB) ma‘lumotlarida keltirilgan.
12-mart kuni AI-92 benzin narxi 5,1% ga o‘sib, bir tonnasi uchun 12,73 mln so‘mdan ortiqni tashkil etdi. Sotilgan yoqilg‘i hajmi esa keskin — 3,5 baravardan ko‘proqqa kamayib, 2935,3 tonnadan 823,7 tonnaga tushdi.
10-mart kuni AI-92 benzinining narxi 7,4% ga o‘sib, bir tonnasi uchun 12,72 mln so‘mdan oshgandi. Narxning keskin o‘sishi Yaqin Sharqdagi mojaro tufayli jahon neft kotirovkalarining ko‘tarilishi fonida yuz berdi. O‘tgan hafta neft narxi 2022-yilning yozidan beri ilk bor bir barrel uchun $100 dan oshdi, ammo keyinroq biroz pasaydi.
Iqtisodchi Otabek Bakirovning ta‘kidlashicha, jahon bozorida neft narxining o‘sishi “oligarxiya va monopolistlar” uchun mamlakat ichidagi yoqilg‘i narxlarini oshirishga “zo‘r bahona”. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2025-yilda jahon kotirovkalari bir barrel uchun $80 dan $60 gacha (-25%) tushganiga qaramay, O‘zbekistonda benzin 11,9% ga qimmatlashgan.
Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston joriy yilning yanvar-fevral oylarida jami $165,9 mlnlik 279,2 mln litr benzin import qilgan. Bu 2025-yilning mos davriga nisbatan ham qiymat jihatidan, ham miqdor jihatidan 2 baravardan ortiqqa ko‘p.
Yanvar oyida neft qazib olish o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,8% ga pasayib, 54,1 ming tonnani tashkil etdi. Shunga qaramay, avtomobil benzini ishlab chiqarish 11,7% ga — 110,6 ming tonnagacha oshgan.
O‘zbekneftgaz 2024-yil oktabr oyi oxiridan boshlab AI-92 markali benzinni tovar-xom ashyo birjasiga chiqara boshladi. Buxoro neftni qayta ishlash zavodida ishlab chiqarilayotgan yoqilg‘ining narxi bir tonna uchun 11,5 mln so‘mdan oshgan edi. O‘tgan yilning avgust oyida esa AI-92 benzini narxi rekord darajada qimmatlab, bir tonnasi 13,3 mln so‘mdan ortiqni tashkil qilgandi.
Avvalroq 14-martdan metan “zapravka"lar faoliyati bosqichma-bosqich tiklanishi haqida xabar berilgandi.