Toshkent shahar hokimligi tomonidan avtobus bekatlaridagi do‘konlar sud qarorlari asosida buzib tashlanmoqda. Bu haqda 12-mart kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Yo‘l harakatini tashkil etish markazi (YHTTM) jamoat transporti bo‘limi boshlig‘i Olloyor Norbo‘tayev ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Spot muxbiri.

“Dolzarb 90 kunlik” doirasida, birinchi bosqichda umumiy uzunligi 472 km bo‘lgan yo‘lning 100 kmlik qismi tanlab olindi. Bu hududda 380 ta avtobus bekati joylashgan bo‘lib, ularning 120 tasida 1995−2005-yillarda qurilgan do‘konlar bor.

Ularning yarmida noqonuniy qurilmalar aniqlangan, ularni buzish bo‘yicha sud qarorlari mavjud. Hokimiyat vakilining so‘zlariga ko‘ra, do‘konlarni demontaj qilish aynan shu qarorlar asosida amalga oshiriladi.

Tuman hokimliklariga do‘konlarni bekatlardan turistik ko‘chalarga ko‘chirish bo‘yicha topshiriq berildi. Shu bois tadbirkorlarga gavjum ko‘chalarda yangi savdo nuqtalari taklif etilmoqda.

YHTTM vakilining ma’lum qilishicha, hozirda huquq-tartibot idoralari o‘z hududidagi har bir bekat va do‘kon faoliyatini, xususan, kim ruxsat berganini va qancha soliq to‘langanini tekshirmoqda. Toshkent hokimligi tekshiruvlar natijalarini e’lon qilishga va’da berdi.

“Biz sizlardan, [jurnalistlardan], vaziyatga bir tomonlama qaramaslikni so‘ragan bo‘lardik. Agar ko‘chaga chiqib, Toshkentda qariyb 750 ta bo‘lgan do‘konli bekatlar bo‘ylab yursangiz, ularning barchasida noqonuniy qurilmalar bor — hammasi [noqonuniy] kengaytirilgan”, — dedi u.

Ollayor Norbo‘tayev Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Buyuk ipak yo‘li” metro bekati yaqinidagi bekatda joylashgan do‘konni misol qilib keltirdi. Ruxsat etilgan maydon 10 kvadrat metr bo‘lishi kerak bo‘lsa-da, do‘kon 200 kvadrat metr hududni egallagan.

bekatlar, do'konlar

Olloyor Norbo‘tayev. Foto: Orif Hoshimov / “Gazeta.uz”

Mart oyi boshida Toshkentda barcha avtobus bekatlaridagi do‘konlar olib tashlanishi haqida xabar berilgandi.

O‘rganishlarda avtobus bekatlaridagi 110 ta savdo do‘konining 61 tasida egalik huquqini beruvchi hujjatlari yo‘qligi aniqlandi.

Biznes-ombudsman Toshkent shahridagi bekatlardagi savdo shoxobchalarining yopilishi va elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalarining tarmoqdan uzilishiga izoh berdi. Idora tadbirkorlarning murojaatlarini o‘rganib, asossiz xatti-harakatlar aniqlangan taqdirda aybdor mansabdor shaxslarga ta’sir choralarini ko‘rishga va’da bermoqda.


Avvalroq Toshkent shahar hokimining transport va yo‘l infratuzilmasi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Abdurahmon Baxtiyev poytaxtdagi elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalarining ommaviy o‘chirilishiga izoh bergandi.