Ichki ishlar organlari xodimlari Vobkent tumanida kriptovalyutalarning noqonuniy aylanmasi bilan shug‘ullangan mahalliy fuqaroni qo‘lga oldi. Bu haqda Buxoro viloyati IIB matbuot xizmati xabar berdi.

Amaliyot Xavfsiz va sog‘lom o‘lka tadbiri doirasida o‘tkazilgan. Tezkor ma‘lumotlarga ko‘ra, gumonlanuvchi 2024-yil sentabr oyidan boshlab, tegishli litsenziyasiz Binance birjasida raqamli aktivlar bilan “yashirin” bitimlar tuzib kelgan.

Bir yarim yil davomida u o‘z nomiga rasmiylashtirilgan bir nechta bank kartasi orqali 874 ta tranzaksiya o‘tkazgan. Ularning umumiy hajmi 3,546 mlrd so‘mni (birja kursi bo‘yicha $292 194) tashkil etgan.

Xususan, gumonlanuvchi 1,793 mlrd so‘mdan ortiqqa USDT steyblkoinlarini xarid qilib, 1,753 mlrd so‘mlik kriptoaktivlarni sotgan. Uning Binance‘dagi hisobi orqali USDT aylanmasi 270 ming tokendan oshgan.

Gumonlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksi ning 278−8-moddasi 3-qismining “a” bandi (Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Mazkur moddada 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.

Bundan avval Navoiyda 104 mlrd so‘mlik noqonuniy kriptoaylanma fosh etilgandi.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda ayrim hollarda kriptovalyutalar bilan to‘lov qilishga ruxsat berilishi mumkinligi haqida yozgandi.