Avvalroq kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini litsenziyalash tartibi belgilangani haqida xabar berilgandi.
Hujjat bilan, Istiqbolli loyihalar milliy agentligi O‘zbekiston hududida kriptovalyutaga oid xizmatlarni reklama qilish talablarini yangiladi.
Kompaniyalar kriptoaktivlar O‘zbekistonda to‘lov vositasi emasligini ko‘rsatishi kerak (qonunchilik hujjatlarida belgilangan hollar bundan mustasno).
Shu bilan birga, boshqa talablar, jumladan, kriptoaktivlar bilan bog‘liq operatsiyalarning xatarlari, pul mablag‘larini to‘liq yo‘qotish ehtimoli va ularning davlat tomonidan ta‘minlanmagani haqidagi ogohlantirishlar ham o‘z kuchida qoladi.
Reklamada kriptoinvestitsiyalar daromadliligini, ular hisobiga oson boyib ketishni va‘da qilish, shuningdek, chegirmalar va bonuslar taklif etish taqiqlanadi.
ILMA 2022-yil avgust oyida kriptoaktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlarini litsenziyalash tartibini tasdiqlagan edi. Unga ko‘ra, faqat O‘zbekiston rezidenti bo‘lgan yuridik shaxslargina har bir faoliyat turi uchun alohida litsenziyaga ega bo‘lgan taqdirda kriptobirja, kriptodo‘kon, kriptodepozitariy va mayning-pul xizmatlarini ko‘rsatishi mumkin.
Xizmat ko‘rsatuvchi provayderlar serverlarni mamlakat hududida joylashtirishi hamda tranzaksiyalar va mijozlar to‘g‘risidagi ma‘lumotlarni 5 yil davomida saqlashi shart. Kriptobirjalarning eng kam ustav fondiga va kriptovalyutaga oid xizmatlar reklamasiga qo‘yiladigan talablar tasdiqlangan.
2023-yilda Kapitalbank UzNEX kriptobirjasi bilan hamkorlikda kriptokartalar chiqarish bo‘yicha tajriba loyihasini ishga tushirgandi. Bankning xabariga ko‘ra, u bitkoin va boshqa kriptovalyutalarni to‘lov valyutasiga avtomatik tarzda konvertatsiya qilish imkonini beradi. ILMA ma‘lumotlariga ko‘ra, 2023-yil oxiriga kelib Kapitalbank va Octobank 90 dan ortiq shunday karta chiqargan.
Shavkat Mirziyoyev 2025-yil noyabr oyida O‘zbekistonda moliyaviy texnologiyalar sohasini rivojlantirish to‘g‘risidagi qarorni imzolagandi. Hujjat steyblkoinlardan foydalangan holda to‘lovlar sohasida maxsus huquqiy rejimni (“tartibga soluvchi qumdon”) ishga tushirishni nazarda tutadi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda ilk bor kriptovalyuta mayningi uchun ruxsatnoma berilgani haqida yozgan edi.