Tashqi ishlar vazirligi Yaqin Sharq mamlakatlaridan o‘zbekistonliklarni vatanga qaytarish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
13-mart soat 07:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonga jami 32 934 nafar fuqaro evakuatsiya qilindi.
12-mart kuni O‘zbekistonning Qatardagi elchixonasi tomonidan 49 nafar fuqaro BAA va Saudiya Arabistoniga yetkazilib, so‘ngra Toshkentga uchib ketishlari ta’minlandi.
Ayni paytda navbatdagi fuqarolar guruhi shakllantirilib, ularning Doha shahridan Dubay orqali O‘zbekistonga qaytishi masalalari ishlab chiqilmoqda.
BAAdagi diplomatik vakolatxonalar tomonidan 147 nafar fuqaroning Toshkentga uchib ketishiga ko‘maklashildi.
O‘zbekistonning Erondagi elchixonasi tomonidan 5 nafar o‘zbekistonlikning qo‘shni davlatlar hududi orqali chiqib ketishi ta’minlandi. Qaytish istagini bildirgan fuqarolar bilan ishlar davom ettirilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, Isroildagi diplomatlar tomonidan 4 nafar fuqaroning Misr orqali O‘zbekistonga qaytishi tashkil etildi.
O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchixonasi, Jidda shahridagi bosh konsulxonasi va Transport vazirligi bilan hamkorlikda charter reyslari orqali 2735 nafar fuqaroning qaytishi ta’minlandi. Mazkur mamlakatda evakuatsiya tadbirlari yakunlandi.
O‘zbekiston fuqarolarining xavfsiz tarzda Vatanga qaytarilishini ta’minlash bo‘yicha diplomatik vakolatxonalar faoliyati davom etmoqda.
Shavkat Mirziyoyevning Yaqin Sharqdagi holat sabab fuqarolarni evakuatsiya qilish bo‘yicha topshirig‘i doirasida Transport vazirligi tomonidan rezident va xorijiy aviakompaniyalar bilan aniq rejalar tuzildi. Ishlarni muvofiqlashtirib borish maqsadida O‘zaviatsiya agentligida 24/7 rejimda ishlaydigan SHTAB tashkil etildi.
Avvalroq Yaqin Sharq turizm sohasi mojaro tufayli kuniga $600 mlngacha yo‘qotayotgani haqida xabar berilgandi.