Toshkent shahar hokimligi poytaxtda yo‘l bo‘yida pulli parkovkalar tashkil etish huquqi uchun auksionning takroran o‘tkazilishiga ilk bor izoh berdi.

12-mart kuni poytaxt hokimligi matbuot kotibi Gulnoza Qosimova jurnalistlar bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida birinchi auksion g‘olibi Balcomuz kompaniyasi hokimlik shartlarini bajara olmaganini ma‘lum qildi.

Talablar orasida avtoturargoh atrofidagi hududni obodonlashtirish, uni toza saqlash va xavfsizlikni ta‘minlash bor.

Uning so‘zlariga ko‘ra, auksionning zaxira g‘olibi ham talablarga javob bermagan. Biroq hokimlik kompaniyaning nomiga aniqlik kiritmadi.

Toshkent shahar hokimining transport va yo‘l infratuzilmasi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Abdurahmon Baxtiyev pulli avtoturargohlar bo‘yicha auksionga oid savollarga javob berishdan bosh tortib, bu jarayonda o‘zi va Yo‘l harakatini tashkil etish markazi ishtirok etmaganini tushuntirdi.

Toshkentda pulli avtoturargohlar

2024-yilning oktabrida poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqov Toshkentda pulli to‘xtab turish joylarini tashkil etishga qaratilgan qarorni imzoladi. Unga ko‘ra, 2025-yilning avgust oyi oxirigacha 13,2 mingta pulli “parkovka” tashkil etish, kelgusida ularni 84 mingtaga yetkazish rejalashtirilgandi.

Bundan oldin hokimlik poytaxtda pulli to‘xtab turish joylarini tashkil etish tartibini tasdiqlangandi. Barcha tumanlarda ijaraga beriladigan maydonlarning umumiy hajmi 262,8 ming kv.metrni tashkil etadi. Operator Toshkentning barcha tumanlaridagi ko‘chalardagi nuqtalarni uch yil muddatga boshqarishga oladi va ularni texnik jihozlash uchun kamida $5 mln investitsiya kiritishi kerak bo‘ladi.

Noyabr oyi oxirida o‘tkazilgan birinchi auksionda Balcomuz qo‘shma korxonasi g‘olib bo‘lgandi. Kompaniya avtoturargohlar ijarasi uchun taxminan 120 mlrd so‘m taklif qilgan, ammo kelishuv tasdiqlanmagan.

Dekabr oyi o‘rtalariga kelib, Streetpark Systems poytaxt ko‘chalarida pulli “parkovka"larni tashkil etish huquqi uchun takroriy savdolarda g‘olib chiqdi. Ushbu kompaniya auksionning ikkinchi bosqichida “parkovka” maydonlarini 3 yilga ijaraga olish uchun 62,93 mlrd so‘m taklif etdi.

Shuningdek, ushbu kompaniya pulli “parkovka” platformasini yaratish bo‘yicha tenderda ham g‘olib bo‘lgan. Mart oyida Streetpark Systems mobil ilova yaratish ustida ish olib borayotgani ma’lum bo‘ldi.

2-may kuni Toshkentda yo‘l bo‘yidagi birinchi pulli avtoturargohlar sinovdan o‘tkazilayotgani ma’lum bo‘ldi. Ulardan biri Amir Temur xiyoboni atrofida joylashgan bo‘lib, bu yerda to‘xtash joyining narxi soatiga 12 ming so‘mni tashkil etadi.


Spot, avvalroq, pulli parkovkalardan foydalanish uchun rezidentlik ruxsatnomasini onlayn olish mumkinligi haqida yozgandi.