O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi deputatlari tadbirkorlarga tegishli tashqi reklama vositalari, elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari hamda yengil konstruksiyali obyektlarni demontaj qilish holatlari yuzasidan tegishli davlat organlariga deputatlik so‘rovi yuboradi. Bu haqda partiya matbuot xizmati xabar berdi.
Konstitutsiya ning 65-moddasida xususiy mulk daxlsizligi, mulkdor o‘z mol-mulkidan qonunda nazarda tutilgan hollardan va tartibdan tashqari hamda sudning qaroriga asoslanmagan holda mahrum etilishi mumkin emasligi belgilab qo‘yilgani qayd etildi.
Shuningdek, tadbirkorlar obyektlarni o‘rnatish jarayonida qonunchilikda belgilangan tartibda ruxsatnomalar olgan bo‘lsa, keyinchalik ularni “noqonuniy” yoki “dizayn-kodga mos kelmaydi” degan asos bilan sud qarorisiz buzib tashlash mumkin emasligi ta‘kidlandi.
Qonunchilikka muvofiq, tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga asossiz aralashish va xususiy mulk huquqini buzish uchun javobgarlik belgilangan.
Nizoli holatlar, jumladan “noqonuniy qurilmalar” deb topilgan obyektlar masalasi ham sud tartibida ko‘rib chiqilishi kerak.
Shu munosabat bilan partiya sud qarorisiz majburiy demontaj qilish amaliyotiga chek qo‘yish zarurligini bildirdi. Davlat organlari qarorlari tadbirkorlarga zarar yetkazmasdan, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilishga xizmat qilishi kerakligi qayd etildi.
Mazkur holat yuzasidan tegishli davlat tashkilotlariga harakatlarning qonuniyligi bo‘yicha izoh berish talabi bilan Qonunchilik palatasidagi fraksiya a‘zolari tomonidan deputatlik so‘rovlari yuboriladi.
O‘zi nima gap?
O‘tgan hafta boshida poytaxt hokimligi elektromobillar uchun tezkor quvvatlash stansiyalaridan foydalanishda “ko‘plab” qoidabuzarliklar haqida xabar bergandi. Qoidabuzarlar orasida “bozorning yirik ishtirokchilari ham, alohida xo‘jalik yurituvchi subyektlar ham” bor redi.
Undan keyin 101 ta quvvatlash stansiyasi vaqtincha o‘chirilgani, 62 tasining esa elektr ta’minoti korxonalari bilan shartnomasi mavjud emasligi ma’lum bo‘ldi.
Poytaxt hokimligi “huquqiy maydonda ishlash” sharti bilan biznes bilan “konstruktiv hamkorlik"ka tayyorligini ma’lum qildi.
O‘z navbatida, Biznes-ombudsman Toshkent shahridagi elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalarining tarmoqdan uzilishi va bekatlardagi savdo shoxobchalarining yopilishiga izoh berdi. Idora tadbirkorlarning murojaatlarini o‘rganib, asossiz xatti-harakatlar aniqlangan taqdirda aybdor mansabdor shaxslarga ta’sir choralarini ko‘rishga va’da bermoqda.
12-mart kuni Toshkent shahar hokimining transport va yo‘l infratuzilmasi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Abdurahmon Baxtiyev jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalarining ommaviy o‘chirilishiga izoh bergandi.
Hokim o‘rinbosari elektromobillarni quvvatlantirish shoxobchalarining tarmoqdan uzilishi bilan bog‘liq vaziyatni “ham shoxobcha operatorlari, ham elektromobil egalari — barcha uchun mag‘lubiyatli hikoya” deb atadi.
Avvalroq Toshkentda dizayn-kod tasdiqlangani, barcha binolar yagona talablarga keltirilishi haqida xabar berilgandi.