Energetika vazirligi matbuot xizmati 14-mart kuni avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari (AGTKSH) qaysi vaqtlarda ishlashini ma’lum qildi.

Bugun metan “zapravkalar” soat 12:00 dan 16:00 ga qadar faoliyat yuritadi. Farg‘ona vodiysida shoxobchalarning ish vaqti hokimliklar bilan kelishilgan holda, gaz bosimidan kelib chiqib amalga oshiriladi.

Bundan oldin vazirlik 14-martdan boshlab metan “zapravka"lar faoliyati bosqichma-bosqich qayta tiklanishini ma’lum qilgandi.

Mart oyi boshida havo harorati pasayishi sababli metan “zapravkalar” faoliyatiga vaqtincha cheklovlar kiritila boshlandi.

Havo harorati pasayishi sababli 10-mart kuni soat 16:00 dan boshlab metan “zapravkalar” faoliyatiga vaqtincha cheklov joriy etilishi aytilgandi. 12-mart kuni ham “zapravka"lar ijtimoiy soha va jamoat transporti uchun faoliyat yuritgan edi.

Avvalroq Toshkentdagi IESlar isitish mavsumida barqaror ishlashi uchun suyultirilgan gaz zaxirasi omborlari qurilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.