O‘zbekistonda norasmiy bandlikka qarshi javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqildi. Bu haqda 12-mart kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Davlat mehnat inspeksiyasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Nilufar Amanniyazova ma’lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.

Inspeksiya tomonidan norasmiy bandlikka qarshi kurashish maqsadida qurilish hamda umumiy ovqatlanish sohalarida nazorat tadbirlari olib borilmoqda.

2025-yilda Toshkentda joylashgan 87 ta qurilish tashkilotida tekshiruv o‘tkazilib, aniqlangan qonunbuzarliklar uchun ish beruvchilarga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-moddasi bilan jami 284 mln so‘m ma’muriy jarima qo‘llanilgan.

2026-yilda esa Toshkent shahri, Samarqand va Buxoro viloyatlaridagi 100 dan ortiq umumiy ovqatlanish korxonalarida nazorat tadbirlari olib borildi. Tekshiruvlar davomida mehnat qonunchiligini buzgan ish beruvchilar ma’muriy jarimaga tortildi.

“Umuman, norasmiy bandlikka qarshi kurashishda biz ikki xil usuldan foydalanamiz. Birinchisi profilaktika ishlari bo‘lsa, ikkinchisi — tekshiruvlar. Bugungi kunda nafaqat poytaxtda, balki barcha viloyatlardagi umumiy ovqatlanish va qurilish korxonalarida norasmiy bandlikka qarshi kurashish maqsadida tekshiruvlar olib borilyapti”, — dedi Nilufar Amanniyazova.

Shuningdek, mehnat inspeksiyasi rahbari norasmiy bandlikka yo‘l qo‘ygan ish beruvchilarga nisbatan javobgarlik choralarini kuchaytirish ko‘zda tutilganini ma’lum qildi.

Buning uchun Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan tegishli qonun loyihasi ishlab chiqilgan bo‘lib, u Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutadi.

“Bugungi kunda qonun loyihasi tegishli vazirliklar bilan kelishilgan holatda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritish jarayonida turibdi”, — deya xulosa qildi u.

2025-yilning mart oyida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi mehnat shartnomasini tuzmagan ish beruvchilarni jarimaga tortishni taklif qilgandi.

Avgust oyida qabul qilingan prezident farmoni bilan norasmiy bandlikka yo‘l qo‘ygan ish beruvchilarga nisbatan javobgarlik kuchaytirilishi belgilandi. Birinchi marta sodir etilgan qoidabuzarlik uchun BHMning 30 baravari (12,36 mln so‘m), takroran sodir etilganda esa 100 baravari (41,2 mln so‘m) miqdorida jarima qo‘llanadi.

Bandlik vazirligi, Adliya vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasiga avgust oyida qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirilgandi.

Avvalroq Spot O‘zbekistonda kambag‘allik chegarasini har bir hudud uchun alohida belgilash rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.