Qamchiq dovoni orqali o‘tuvchi $3,66 mlrdlik pulli yo‘l yomg‘ir va qorda ham uzluksiz ishlaydi. Bu haqda Avtoyo‘linvest agentligi direktori Asliddin Isayev O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, umumiy uzunligi 314 km bo‘lgan Toshkent-Andijon pulli trassasi O‘zbekistondagi eng yirik strategik loyihalardan biri hisoblanadi. Birinchi bosqichda Toshkent-Angren-Qamchiq dovoni yo‘nalishi bo‘yicha 171 km uzunlikdagi qismini qurish rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 33 km dovondagi 10 ta tunnelga to‘g‘ri keladi.

Isayev mazkur tunnel Markaziy Osiyodagi eng yirik tunnellardan biri bo‘lishini qayd etdi. 1B toifasidagi to‘rt polosali tunnel 120−150 km/soat tezlikda loyihalashtirilgan. Pulli yo‘l qurilishi natijasida Toshkentdan Andijonga borish vaqti hozirgi 5−5,5 soatdan 2−2,5 soatgacha qisqaradi.

Loyiha Jahon banki ko‘magida amalga oshirilmoqda. Tender jarayonlarini to‘liq loyihalashtirish va o‘tkazish uchun Arup xalqaro konsalting kompaniyasi jalb qilindi.

“Tender jarayonlari yakuniga yetkazilmoqda. Joriy yilda amaliy ishlar boshlanishi rejalashtirilgan. Loyihaga Fransiya, Turkiya va Xitoyning yirik kompaniyalari qiziqish bildirmoqda. Eng asosiy maqsadimizdan biri, harakat xavfsizligini yaxshilashga qaratilgan. Noqulay ob-havo sharoitlarida, yomg‘ir va qor sharoitlarida ham avtomobil yo‘li to‘liq foydalanishga tayyor holatda bo‘ladi”, — dedi Asliddin Isayev.

pulli yo'l, toshkent-andijon, qamchiq, pulli yo‘l, asliddin isayev

Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent-Angren-Qamchiq dovoni yo‘nalishi bo‘yicha 171 km muqobil avtomobil yo‘lini qurish $3,66 mlrdga tushadi. Yillik to‘lov miqdori $465 mlnga baholanmoqda. Shu tariqa, loyiha 8 yil ichida o‘zini oqlashi mumkin.

Shavkat Mirziyoyev 5-mart kuni yirik loyihalar doirasida transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish borasidagi ishlar taqdimoti bilan tanishdi. Prezidentga moliyalashtirish manbalari va xorijiy investorlarni jalb qilish bo‘yicha olib borilayotgan muzokaralar haqida ma’lumot berildi.

Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Jamshid Tursunovning ma’lum qilishicha, 2026-yilda DXSH asosida Toshkent-Samarqand, Toshkent-Andijon, Toshkent-Chorvoq va Urganch-Xiva yo‘nalishlarida to‘rtta pulli avtomagistral qurish rejalashtirilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Toshkent-Samarqand va Toshkent-Andijon pulli yo‘llari bo‘yicha tenderlar yakunlangan. Prezidentga pudratchi bilan amaliy ishlarni boshlash bo‘yicha navbatdagi jarayonlar borasida axborot berildi.

Avvalroq Spot Toshkent-Samarqand pulli yo‘li Sergelidan boshlanishi va 2−2,5 soat vaqt olishi haqida yozgandi.