Toshkent markaziga kirish hozircha pulli bo‘lishi rejalashtirilmagan. Bu haqda 12-mart kuni poytaxt hokimining transport va yo‘l infratuzilmasi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Abdurahmon Baxtiyev jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Spot muxbiri.

Spot jurnalisti yo‘llardagi tirbandlikni kamaytirish uchun kelajakda shahar markaziga kirish uchun to‘lov joriy etish yoki avtomobillar harakatini juft va toq raqamlar tizimi (odd-even rule) bo‘yicha cheklash rejalashtirilayotgani yoki rejalashtirilmayotganini so‘radi.

Spot jurnalisti yo‘llardagi tirbandliklarni kamaytirish maqsadida kelajakda shahar markaziga kirishni pullik qilish yoki avtomobillar harakatini davlat raqamlari bo‘yicha — juft va toq raqamlar tizimi (odd-even rule) asosida cheklash rejalashtirilayotgani bilan qiziqdi.

“Hozircha pullik kirish va boshqa cheklov choralarini ko‘rib chiqmayapmiz”, — dedi Baxtiyev.

2025-yilning 3-dekabr kuni prezident Toshkentda transport boshqaruvini takomillashtirish va tirbandliklarning oldini olish choralariga doir taqdimot bilan tanishgandi. Yig‘ilishda Toshkentda sinov tarzida yagona yo‘l harakati markazi ochilishi taʼkidlandi. Davlat rahbari pilot loyihani joriy yilning o‘zidayoq ishga tushirishni topshirgan edi.

Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzakov poytaxtda yo‘l infratuzilmasini boshqarishning yagona tizimi mavjud emasligi tirbandliklarning asosiy sabablaridan biri bo‘lib qolayotganini ta’kidladi. Yo‘l harakatini tashkil etish markazi natijasida tirbandlik 40% gacha kamayishi taʼkidlandi.

2026-yil fevral oyi oxirida prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva shahardagi tirbandliklarni bartaraf etishga bag‘ishlangan Yo‘l harakatini tashkil etish markazi taqdimoti bilan tanishgan edi. Loyiha doirasida aqlli svetoforlar o‘rnatish, yo‘l chiziqlarini yangilash hamda avtoturargohlarni tartibga solish rejalashtirilgan.


Avvalroq Spot Toshkent yomon transport tizimi tufayli yiliga $343 mln yo‘qotayotgani haqida yozgandi.