BAA havo hududining qisman yopilishi munosabati bilan Toshkentdan Dubayga uchgan reyslar jo‘nash aeroportiga qaytmoqda. Bu haqd Uzbekistan Airports xabar berdi.

Xususan:

  • Centrum Air’ning Toshkent-Dubay yo‘nalishi bo‘yicha C6−351 reysi Toshkent xalqaro aeroportiga;
  • Uzbekistan Airways’ning Toshkent-Dubay yo‘nalishi bo‘yicha HY-333 reysi ham jo‘nab ketish aeroportiga qaytarildi.

Flightradar24 portaliga ko‘ra, Uzbekistan Airways aviakompaniyasining HY-333 reysi Tojikistan havo hududi ustida ortga qayrilib, jo‘nash aeroportiga qaytgan.

Centrum Air aviakompaniyasining C6−351 reysi esa deyarli Dubay aeroportiga yetib kelgan, biroq Pokistan havo hududining janubiy qismida ortga qayrilgan.

O‘zbekiston 10-martdan BAA va Saudiya Arabistoniga aviaqatnovlarni tiklashga ruxsat bergandi.

Transport vazirligi ikki tomonlama yo‘lovchi tashuvlarini tashkil etishga ruxsat berib, ularning turi va fuqaroligi bo‘yicha ilgari kiritilgan cheklovlarni bekor qildi.

11-martdan boshlab Uzbekistan Airways aviakompaniyasi Toshkent-Dubay-Toshkent yo‘nalishidagi qatnovlarga aviachiptalar sotuvi ochilganini e’lon qildi. Yo‘lovchilarni tashish bo‘yicha barcha cheklovlar bekor qilindi.

14-martdan e’tiboran Centrum Air xususiy aviakompaniyasi Toshkent-Dubay-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha muntazam qatnovlarni qayta yo‘lga qo‘ydi.